Frankfurtdagi xalqaro avtosalonda Ferrari 488 Spider kabrioletining rasmiy namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mashina o‘zida avval taqdim etilgan Ferrari 488ning yangi modifikatsiyasini namoyon etib, 670 ot kuchiga ega 8 silindrli, 3,9 litr hajmga ega dvigatel bilan ta'minlangan. Avtomobilning 100 km/soat tezlikka chiqishi uchun 3 soniya lozim bo‘ladi. Uning eng yuqori tezligi esa soatiga 330 km ni tashkil etadi.
Brembo Extreme sistemasi tufayli to‘xtash yo‘li avvalgi modellarga nisbatan 9 foizga qisqargan. Sportkar, shuningdek, tortish kuchi va amortizatorlarning faol boshqaruvini nazorat qiluvchi Side Slip Control 2 tizimi bilan ham ta'minlangan.
Avtomobilning asosiy ramasi 12 turdagi alyuminiy qotishmalaridan tayyorlangan. Yig‘iluvchi qattiq tom qismi esa shamol va shovqindan yaxshiroq himoyalanishga xizmat qiladi. Mexanizmning ochilib-yopilishi uchun 14 soniya zarur.
Avtomobil yangi — Blu Corsa rangida namoyish etildi. Tovlanish samaradorligiga ikki qavatli bo‘yoq evaziga erishildi.