09:43 / 15.09.2015
4915

Frankfurt avtosalonida bizni nimalar kutmoqda?

Bugun, 15 sentabr kuni Frankfurtda yilning eng yirik avtoshousi ochiladi. Bu ko‘rgazmada namoyish etilgan avtomobillar butun jahon avtosanoatining taraqqiyot yo‘lini belgilab beradi. Frankfurtda juda ko‘plab avtomobillar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Eng muhimlari
Albatta, yangi Opel Astra. Shuningdek, Kia Sportage’ning yangi avlodi. Eski avlod Sportage’laridan sezilarli yaxshilangan modelning hozircha eng muhim jihati — narxi noma'lum, xolos. Uning savdosi 2016 yilda boshlanishi va boshqa tafsilotlari haqida avvalroq yozilgandi.


Joriy Frankfurt avtosalonini hech bir mubolag‘asiz «krosovverlar saloni» deb atash mumkin. Shu vaqtgacha hech bir ko‘rgazmada SUV segmentiga mansub bunchalik ko‘p avtomobil taqdimoti bo‘lib o‘tmagan. Bu safar hatto Bentley ham bu yo‘nalishda o‘zini ko‘rsatishga qaror qilgan — Britaniya kompaniyasi o‘z tarixidagi ilk yo‘ltanlamas — Bentayga bilan Germaniyaga keladi. Inglizlar uni nafaqat «jahondagi eng baquvvat, eng eksklyuziv va eng hashamatli» deb atamoqda, balki eng tezkor krossover sifatida ham ko‘rmoqda — Bentley Bentayga soatiga 301 kilometr tezlikda harakatlana oladi; taqqoslash uchun, eng kuchli Porsche Cayenne spidometr ko‘rsatkichini uzog‘i bilan 284 kilometr/soatga olib chiqa oladi, xolos.


Jaguar va krossover — bu ham quloqqa notanish so‘z birikmasi, biroq ular ham F-Pace nomli model bilan «krossoverlar taqdimoti» ro‘yxatida bor. Mazkur avtomobilning barcha tafsilotlari avtosalonning birinchi kunida ma'lum bo‘ladi, biroq hozirdan bir narsa — F-Pace katta qiziqishga sabab bo‘lishi aniq, chunki so‘nggi vaqtlarda Jaguar muhandislari tayyorlagan mashinalar faqat ijobiy taassurot qoldirmoqda.

Volkswagen Tiguan’ni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Nemislar sir saqlashni yaxshi bilishadi va hozircha bu avtomobil haqida hech narsa ma'lum emas. Bundan tashqari, BMW uchun ko‘p jihatdan inqilobiy model hisoblangan X1 ham Frankfurtda namoyish etiladi. Uning inqilobiyligi shundaki, avtomobil old yurgizgich bilan harakatga keladi. Shuningdek, Lexus kompaniyasi RX’ning Yevropa bozori uchun mo‘ljallangan yangi versiyasini, Ford katta Edge krossoverini, Nissan yangi avlod «Navar» pikapini, Citroen’ning sho‘'basi hisoblangan DS esa 4 Crossback modellarini ko‘z-ko‘z qilish uchun Frankfurtga keladi. Bularning birortasi kontsept emas, bari tez orada savdoda paydo bo‘ladi.

Yangi standartlar
Yengil avtomobillar orasida esa BMW’ning mutlaqo yangi «yettisi» eng qiziqarli model bo‘lishi kutilmoqda. Avtomobil haqiqiy ma'noda inqilobiy — unda aqlbovar qilmas darajada ko‘p yangiliklar tatbiq etilgan, imo-ishora orqali boshqarish tizimlari va jahondagi eng zo‘r o‘t oldirish kaliti bilan ta'minlangan.

Yangi Audi A4’ning premerasi ham sabrsizlik bilan kutilmoqda — mazkur model Mercedes-Benz C-class va uchinchi seriya BMW kabi raqobatchilarga kuchli zarba bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Aytmoqchi, BMW’ning 3-seriyasi ham Frankfurtda bitta premeraga aylanadi. Mercedes esa S-class negizidagi kabriolet bilan javob beradi. Agar «Mers» kamlik qilsa, Rolls-Royce’ning stendiga o‘tib, Dawn kabrioletidan bahra olish mumkin.

Arzon avtomobillar segmentida ham bir qator yangiliklar bor. Masalan, Suzuki uncha katta bo‘lmagan va narxi ham hamyonbop Baleno xetchbekini namoyish etadi, Renault esa yangi Megane’ni namoyish etadi.

Kelajakka nazar
Frankfurtda u yoki bu marka yaqin yillar ichida qaysi yo‘nalishda rivojlanishini ko‘rsatib beruvchi istiqbolli kontseptlarning namoyishi ham bo‘lib o‘tadi. Bu yerda ham, xohlaysizmi-yo‘qmi, ko‘z krossoverlarga tushadi — masalan, Mazda kompaniyaning yo‘ltanlamas kupesining keyingi avlodi bo‘lishi mumkin bo‘lgan (va katta ehtimol bilan CX-6 indeksini oladigan) Koeru modelini namoyish etadi.

SsangYong ham ikkita istiqbolli yo‘ltanlamasni omma e'tiboriga havola qiladi, Citroen esa aynan Frankfurt avtosaloni uchun maxsus Cactus M yo‘ltanlamas kabrioletini ishlab chiqdi. Qayta tug‘ilgan Borgward ham Xitoyda ishlab chiqariladigan krossoveri bilan qatnashadi. Nissan ham yangi krossoverning (aytishlaricha, u Juke’ning o‘rinbosari ekan!) kontsepti bilan bizni tanishtirish niyatida.

Umuman, Frankfurtda tomoshaga arzirli avtomobillar ko‘p. Bu so‘nggi yillardagi eng qiziqarli avtosalon bo‘lishi kutilmoqda. Uning boshlanishiga ozgina qoldi.

Manba: carzone.uz

Top