15:01 / 15.09.2015
4878

Markaziy Osiyodan IShIDga odam yollashga qaratilgan 57 ming sayt borligi aniqlandi

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mutaxassislari IShIDning Markaziy Osiyodan jangarilar yollashga mo‘ljallangan 57 ming sayti borligini aniqladi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Nikolay Bordyuja bayonot berdi.

“Kollektiv xavfsizlikka tahdid solayotgan jami 57 ming sayt aniqlandi. Ulardan 50 mingtasining faoliyati to‘xtatildi, ayrimlari bo‘yicha tergov xatti-harakatlari amalga oshirilmoqda”, - dedi u.
Shuningdek, bosh kotib ekstremistik yo‘nalishdagi saytlar sonining ko‘payib borayotganidan xavotirda ekanligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston poytaxtida KXShT davlatlari yetakchilarining sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu sammitning keyingi bosqichida yig‘ilishga delegatsiyalar ham qo‘shiladi. Kengashning bugungi sessiyasi bir qator hujjatlarning imzolanishi bilan yakunlanadi. Bular orasida eng muhimi davlat rahbarlarining xalqaro siyosiy maydondagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma bayonotidir.

Ta'kidlanishicha, hujjatda tashkilotga a'zo davlatlarning jahon miqyosida avj olib borayotgan iqtisodiy, siyosiy muammolar, harbiy ixtilof yuzasidan xavotirlari bayon etiladi.
Sammit davomida KXShTning turli yo‘nalishdagi hamkorlikdagi faoliyati, jumladan, mintaqaviy va global tahdidlar, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash singari masalalar muhokama qilinadi.

Top