Jahon | 09:42 / 15.09.2015
7241
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Rossiya Asadni qo‘llab-quvvatlashda davom etsa, xalqaro izolyatsiyaga duch kelishi mumkin

Rossiya Suriya prezidenti Bashar Asadga yordam ko‘rsatishda davom etaversa, xalqaro miqyosda yakkalanib qolishi mumkin. Ushbu fikrni dushanba, 14 sentabr kuni Oq uy matbuot kotibi Joshua Ernest bildirib o‘tdi.

Jurnalistlarning agarda Rossiya Iroq va Suriyada terroristlarga qarshi amaliyotlar olib borayotgan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilmasa va Asadni qo‘llab-quvvatlashda davom etsa, oqibatda nimalar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, “ular xalqaro hamjamiyatdan yanada ko‘proq ajratib qo‘yiladi”, – deya javob berdi u. “Aks holda ular IShIDga qarshi AQSh boshchiligida koalitsiya doirasidagi 60 davlat qarshisida qoladi”, – deya tasdiqladi Ernest.

Ayni paytda, Ernestning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiyaning Suriyadagi manfaatlari qolgan dunyo mamlakatlari qiziqishlari bilan to‘liq qarama-qarshi kelmaydi. Rossiya antiterror koalitsiya yutuqlaridan manfaatdor. Rossiya ham IShIDni batamom yo‘q qilish strategiyasining muvaffaqiyatli amalga oshishini istaydi, albatta”, – degan Oq uy matbuot kotibi. U Asadning hokimiyatdan ketish vaqti kelganini yana bir bor ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya bir necha marotaba Suriyadagi mojarolarni bartaraf etishning eng maqbul yo‘li Suriya armiyasi qo‘llab-quvvatlash ekanini ma'lum qildi.

Shu maqsadda Suriyaga o‘q otar qurollar, granatomyotlar, bronetransportyorlar va boshqa turdagi qurollarni yetkazib berish rejalashtirilayotgani, shuningdek, Suriyaning Latakiya shahrida Rossiya harbiy aviatsiyasi joylashtirilishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy aeroport aviabazasiga zarur harbiy texnikalar va sistemalar tashib borilayotgani xabar qilingan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish