AQShda 14 yoshli o‘smir bombaga o‘xshash soat yasagani uchun hibsga olindi
14 yoshli Ahmed Mohamed (Ahmed Mohamed) maktabga o‘qituvchilarining ko‘ziga bomba bo‘lib ko‘ringan qo‘lbola soatni ko‘tarib kelgani uchun politsiya mahkamasiga olib kelindi. Bu haqda Dallas Morning News xabar berdi.
AQShning Texas shtati Irving shahridagi maktab o‘quvchisi uch o‘qituvchi shikoyatidan so‘ng politsiya mahkamasiga qo‘lidagi kishan bilan olib kelindi. 9-sinf o‘quvchisining so‘zlariga ko‘ra, u shunchaki turli xil buyumlarni yasashga qiziqadi va o‘zining qo‘lbola soati bilan o‘qituvchilarini hayratga solmoqchi bo‘lgan.
Biroq Mohamed o‘zi yasagan qurilmani ko‘rgan birinchi o‘qituvchi bolaga uni boshqa hech kimga ko‘rsatmaslikni maslahat bergan va bola soatini o‘z sumkasida qoldirgan. Boshqa dars vaqtida esa soat bongi ishlab ketgan va o‘quvchi uni darsdan so‘ng o‘qituvchisiga ko‘rsatishga majbur bo‘lgan.
Shundan so‘ng maktabga politsiya chaqirilgan. Yetib kelgan zobit Mohamedni politsiyaning voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limiga olib kelishgan.
Olib qo‘yilgan “bomba” bolaga qaytarilmagan. 14 yoshli maktab o‘quvchisi uch kun davomida darslarda ishtirok etmagan.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, politsiya tekshiruv ishlarini davom ettirib, sodir bo‘lgan voqea sabablarini o‘rganmoqda.
Bola otasining fikricha, u bilan sodir bo‘lgan hodisa islomofobiya (islom dinidan qo‘rqish. — kun.uz) sababli vujudga kelgan. Mohamed tarixidan xabardor bo‘lgan Wired texnologiya nashri esa bombaga o‘xshamagan soatni qanday yasash to‘g‘risida video mashg‘ulotni e'lon qildi.