Jahon | 09:51 / 16.09.2015
5757
4 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad: Agar Yevropa qochqinlar taqdiridan xavotirda bo‘lsa, terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsin

Suriyaning rasmiy rahbari Bashar Asad Rossiyaning bir qancha ommaviy axborot vositalari, jumladan, Rossiya TV, NTV, “Pervyy kanal”, RT telekanallari, “Rossiya segodnya”, TASS, Interfaks agentliklari, “Rossiyskaya gazeta” nashrlari bilan suhbat o‘tkazdi. U rossiyalik jurnalistlarni qiziqtirayotgan ko‘plab savollarga javob berdi.

Avvalambor, Asad ixtilofning boshidanoq dialog o‘rnatishga harakat qilganini ta'kidlab o‘tdi.
“Suriya, Moskva, Jyenevada ichki dialogning bir necha raundlari o‘tkazildi, - ta'kidladi u. – Ammo biz muvaffaqiyatga erishgan yagona bosqich Moskva-2 bo‘ldi. Bu oldinga qadam bo‘ldi, endi biz Moskva-3ni kutmoqdamiz. O‘ylaymanki, terrorchilikka qarshi kurash bilan bir paytda Suriyaning turli siyosiy kuchlari va partiyalari o‘rtasida muloqotni davom ettirish va shu yo‘l bilan mamlakatning kelajak taqdiri borasida bir to‘xtamga kelish lozim”.

Bashar Asad muxolifat bilan ko‘plab sohalarda kelishuvga erishi mumkinligini, ammo ayni paytda birinchi galdagi masala bo‘lib fuqarolar xavfsizligi qolayotganini ta'kidlab o‘tdi: “Aytaylik, biz siyosiy partiyalar va kuchlar bilan siyosiy va iqtisodiy masalalar, fan, sog‘liqni saqlash borasida kelishuvga erishdik. Ammo, suriyalik fuqaro uchun ustuvor muammo bo‘lib xavfsizlik qolayotgan paytda bu kelishuvlarni qanday amalga oshira olamiz?”.
Muxojirlar masalasiga to‘xtalar ekan, Suriya prezidenti bu Yevropaning “terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashi oqibati” deb hisoblashini ma'lum qildi.

“Biz IShIDni emas, terrorchilikni yengishimiz kerak. Ko‘plab tashkilotlar bor, birinchi navbatda IShID, “Jabhat an-Nusra”, ular BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchi guruhlar deb e'lon qilingan. Hokimiyat taqsimotiga kelsak, biz avval boshidan muxolifatning bunga rozi bo‘lgan qismi bilan mana shunday jarayonni amalga oshirdik. Bir necha yil muqaddam ular hukumat tarkibiga kirdi”.
“Muhojirlar masalasiga to‘xtalar ekanman, G‘arbning pozitsiyasi va olib borilayotgan axborot kampaniyasiga ko‘ra, bu odamlar go‘yoki Suriya hukumatidan, ularning ta'biricha, “rejim”dan qochmoqdalar. Ammo G‘arb mamlakatlari bir ko‘z bilan qochqinlar holidan yig‘lamoqda, bir ko‘z bilan avtomat nishoniga qaramoqda.

Gap shundaki, odamlar mamlakatni terrorchilar tufayli tark etmoqda. Terror va infrastruktura yo‘q bo‘lib ketgan sharoitda eng birlamchi ehtiyojlarni qondirish imkoni ham yo‘q. Buning natijasida odamlar terrordan qochmoqda, dunyoning boshqa chekkasida pul topish ilinjida. G‘arb esa qochqinlarga hamdardlik bildirgani bilan, ayni paytda terrorchilarni ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda”, - ta'kidladi Asad.

Muallif: Eldor Asanov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish