Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
ICTEXPO 2015: ko‘lami kengroq, qiziqroq va yanada yorqinroq
ICTEXPO 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘rgazmasi joriy yilda misli ko‘rilmagan miqyosda o‘tkaziladi — maydoni 1800 kv.m dan katta hududni egallagan bo‘lib, 150ta eksponent-kompaniyalar va 30 mingga yaqin tashrif buyuruvchilarni jamlaydi.
ICTEXPO 2015 joriy yilning 15–17 sentabr kunlari “O‘zekspomarkaz” MKKning ikkinchi pavilonida, Samarqanddagi ko‘rgazma 15 va 16 sentabr kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali binosida o‘tkaziladi.
AKT Ko‘rgazmasini o‘tkazishdan maqsad – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining milliy sohadagi yutuqlarini namoyish etish. Bu ekspertlar hamjamiyatining milliy bozor raqobat afzalliklarini mustahkamlash va undagi sub'yektlar faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi professional maydonchasidir. AKT Forumi va AKT Ko‘rgazmasining o‘tkazilish joylarining o‘zaro yaqin joylashuvi ularni maksimal tarzda birlashtirish imkonini yaratadi. Natijada, har bir ishtirokchi, o‘zi uchun qiziqarli va kerakli bo‘lgan mavzular va ma'ruzachilarni kuzatib borish uchun, bir tadbirdan ikkinchisiga erkin ravishda o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
ICTEXPO 2015 qator tematik yo‘nalishlar, jumladan, mobil aloqa, internet, telekommunikatsiyalar, dasturiy ta'minot industriyasi, elektron hukumat va elektron tijorat kabilar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma davomida kiberfutbol bo‘yicha musobaqa – Uzbekistan Cyber Games FIFA15 bo‘lib o‘tadi.
Uning dastlabki tanlov bosqichlari 1–12 sentabr kunlari Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Olmaliq o‘yingohlarida o‘tkazildi. UCG FIFA15 ning Milliy yakunlovchi bosqichi 15–17 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning g‘oliblarining birinchi sakkiz nafariga mukofotlar (planshet, smartfon va mobil telefonlar) va diplomlar topshiriladi.
Shu bilan birga, ICTEXPO 2015 ishtirokchilari Gadget Fair – jahon va milliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari taqdim etiladigan gajyetlar yarmarkasiga tashrif buyurishlari mumkin. Yarmarka hududi 360 kv.m.ga teng. Unda taqdim etiladigan smartfonlar, noutbuk va planshetlarni tomosha qilishgina emas, sotib olish ham mumkin bo‘ladi. Gadget Fair ishtirokchilari qator texnik yangiliklarni birinchilardan bo‘lib baholash kabi noyob imkoniyatga ega bo‘lishadi.
Masalan, ICTEXPO 2015 doirasida Huawei kompaniyasining flagmani bo‘lmish Huawei P8ning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Unda har bir ishtirokchi flagman smartfonning suratga olish imkoniyatlarini sinab ko‘rishi, lotereyalar o‘yini, tanlov va mahorat saboqlarida qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Qolaversa, tadbirning bosh homiysi Huawei kompaniyasi ko‘rgazma o‘tkazish joyiga, 60 kv. m. joyni egallagan treylerni keltirib, unda o‘zining eng so‘nggi mahsulotlarini va korporativ segment uchun zarur yechimlarni namoyish etadi.
ICTWEEK Uzbekistan 2015 O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir tashkilotchilari – O‘zbekiston Axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari assotsiatsiyasi va ICTNEWS nashri.