09:25 / 16.09.2015
2209

OAV: AQShning neft eksport qilishi yuzasidan ovoz berishlar sentabr oyida bo‘lib o‘tishi mumkin

AQSh konressi vakillar palatasida neft eksportini taqiqlashni bekor qilish bo‘yicha ovoz berishlar sentabr oyining so‘nggi haftasida bo‘lib o‘tishi mumkin, deya xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri.

Palatada ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti ovoz berish sanasini seshanba kuni Xyuston shahrida Savdo-sanoat palatasidagi ma'ruzasi vaqtida e'lon qiladi.

“Qachondir neft eksportiga qo‘yilgan taqiq olib tashlansa, demak o‘sha vaqt keldi. Neft eksporti taqiqining olib tashlanishi nafaqat iqtisodiyotimizga yordam beradi, balki bu bizning geosiyosiy mavqeimizni ham mustahkamlaydi”, – deya Makkarti nutqidan olingan parchani e'lon qildi gazeta.

Mazkur masala Senatda 2016 yil boshida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Amerika qonunchiligi qariyb 100 yildan buyon neft eksportini butunlay taqiqlaydi. Buning uchun mamlakat hukumatining maxsus ruxsatini olish talab etiladi. Muqaddam AQShning aksariyat neft kompaniyalari eksportga qiziqish bildirmagan edi. Biroq AQShda “qora oltin” qazib olish hajmi so‘nggi 25 yil ichida eng yuqori darajaga yetdi va bu holat neft qazib oluvchilarni xorijdan yangi bozorlarni qidirishga majbur qilmoqda. AQSh neftining chetga eksport qilina boshlashi xomashyo narxining yanada arzonlashuviga olib kelishi tayin.

2014 yilda Savdo vazirligi kompaniyalarga eng kam qayta ishlangan slanetsli neftni eksport qilishga ijozat bergan bo‘lsa, 2015 yil avgustidan kompaniyalar Meksika bilan neft ayirboshlash imkoniga ega bo‘lishdi. Ayni paytda AQSh Kanadaga har kuni bir necha million barrel neft eksport qiladi.

Top