00:37 / 16.09.2015
4866

UYeFA Chempionlar ligasi guruh bosqichining birinchi o‘yinini UZRePORT TV telekanalida Aleksandr Shmurnov va Jasur G‘aybullayev sharhlab boradi

Avval xabar berib o‘tganimizdek, bugun, 15 sentabrda UZRePORT TV telekanali UYeFA Chempionlar ligasi o‘yinlari translyatsiyasini boshlaydi.

Futbol muxlislari bugungi dasturda “Real” va “Shaxtyor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Ertaga esa muxlislar etiboriga “Roma” va “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv havola qilinadi.

UYeFA Chempionlar ligasi translyatsiyasi boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida UZRePORT TV telekanali o‘yinlarni kim sharhlashini ochiq aytmay, hammani qiziqtirib qo‘ygandi. O‘shanda telekanal raxbari Ravshan Jo‘rayev barcha muxlislarga syurpriz taqdim qilishga va'da bergandi. Bugungi o‘yinni kim sharhlashi uchrashuv boshlanishiga qadar sir bo‘lib qolayotgandi. Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlarda uchrashuvni kim sharhlashi katta bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ammo UZRePORT TV telekanalidagi YeChL o‘yinini sharhlash uchun jahon darajasidagi sharhlovchi kelishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi. O‘sha syurpriz amalga oshdi – “Real” – “Shaxtyor” uchrashuvini UZRePORT TV telekanalida “NTV Plyus”ning mashhur sharhlovchisi Aleksandr Shmurnov sharhlab boradi.

UYeFA Chempionlar ligasining birinchi o‘yinini UZRePORT TV telekanalida Aleksandr Shmurnov va Jasur G‘aybullayev sharhlab boradi.

Aleksandr Shmurnov Rossiyaning eng bilimli sharhlovchilaridan biri hisoblanadi. U 1992 yildan beri sport jurnalistikasida faoliyat yuritadi.
Shmurnov Rossiyada “Sport jurnalistikasi Markazi” o‘quv kursining asoschilaridan biri hisoblanadi. Ushbu kurs bitiruvchilari bugunga kunga kelib “NTV-Plyus”, “Yevrosport” kabi telekanallar va “Sport Ekspress” kabi nashrlarda faoliyat yuritishmoqda.

Shmurnovning fikricha, sharhlovchining asosiy quroli futbolchilarning harakatlariga o‘z vaqtida me'yordagi hissiyotlar bilan baho bera olish hisoblanadi.

“Telereportajning 4 ta asosiy ustuni bor: haqiqat, hissiyot, fikr va yoqimli ovoz”, deydi Shmurnov.

Aleksandr Shmurnov bilan birgalikda uchrashuvni UZRePORT TV telekanalining “rasmiy ovozi” hisoblangan Jasur G‘aybullayev birgalikda sharhlab boradi.

Jasur G‘aybullayev – o‘z ovozi bilan butun o‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish inson. U UZRePORT TV telekanalidagi hujjatli filmlarning ssenariy muallifi va rejissyori hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida u ashaddiy futbol fanati ham.

Ayni damda “Real”-“Shaxtyor” ufrashuvi UZRePORT TV telekanali orqali efirga uzatilmoqda.

Top