17:48 / 16.09.2015
17719

Uyni nega kechqurun supurib bo‘lmasligi aytildi

O‘zbek xalqida kechki vaqtda uyni supurib bo‘lmasligi bilan bog‘liq irim mavjud. Uning sabablariga qiziqqan o‘quvchilardan biri “Oila davrasida” gazetasiga murojaat qilib, ushbu qarashning ildizlari bilan qiziqib ko‘rdi.

Chop etilgan javobda aytilishicha, bu urf birinchi navbatda eski davrning talablariga mosligi va “shamni isrof qilmaslik” uchun joriy qilingan.
“O‘tmishda bugungi kunimizdagi kabi elektr chiroqlar bo‘lmagani hammamizga ma'lum. Kechalari sham, chiroq, lampa, fonus kabi vositalar bilan yoritilgan. Bu yoritkichlar, tabiiyki, pulga sotib olingan. Odatda, kunduzi qilish mumkin bo‘lgan ishni kechasi sham yorug‘ida bajarishga unnab, bu bilan shamni va unga ketadigan sarf-xarajatni isrof qilmaslik zarurligi har bir oilada uqtirib borilgan”, - deyiladi materialda.

Shu bilan birga, kechki paytda uy supurish mumkin emasligi haqidagi qarashlarning kelib chiqishiga boshqa sabablar borligi ham eslatib o‘tildi: “Bugun uylarimiz elektr chiroqlari bilan to‘la ta'minlangan paytda ham bu qadriyat o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Chunki tunda supurilgan uyning changlari uzoq vaqt xona ichida saqlanib qoladi va shu joyda uxlashga xalaqit beradi. Kunduzgi havo oqimi supurish asnosida ko‘tarilgan changlarning tezroq tarqab ketishiga imkon beradi”.

Ushbu savolga javob bergan mehnat faxriysi Rasuljon Egamberdiyev elektr quvvatining qo‘llanilishi ham sarf-xarajat bilan bog‘liq ekanligiga hech qanday munosabat bildirmagan. Bundan tashqari, changyutkichlarni ham erta kunda ishlatishni tavsiya qilgan.

Top