Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chernogoriya parlamenti mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi
Chernogoriya parlamenti ikki kunlik debatlardan so‘ng mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishi haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Hujjatda alyans bilan integratsiyaning ustunlik jihatlari sanab o‘tilgan, biroq a'zo bo‘lish qanday usulda qabul qilinishi aytilmagan — umummilliy referendummi yoki parlamentda?
Chorshanba, 16 sentabr kuni kechasi rezolyutsiyani yoqlab 81 deputatning 50 nafari ovoz bergan bo‘lsa, 26 nafari qarshi chiqishgan, 3 deputat esa betaraf qolgan. Hujjatni hukmron koalitsiya — Demokratlar partiyasi atrofida birlashgan sotsialist bosh vazir Milo Jukanovich, shuningdek, milliy ozchilik partiyasi va muholifatdagi “Ijobiy Chernogoriya” partiyasi qo‘llab-quvvatlagan.
Qabul qilingan hujjatda qayd etilishicha, NATO Chernogoriya hududiy yaxlitligi va suvereniteti, kelgusidagi qonun ustuvorligi va demokratiya rivoji, inson huquqlari va ozchilik huquqlari, har bir fuqaro va butun jamiyat hayot sifatining yaxshilanishi kafolatidir.
2006 yilda mustaqilligini qo‘lga kiritgan Chernogoriya 2015 yil oxiriga qadar NATOdan a'zolik taklifini kutmoqda. Shunday taklifni qabul qilish uchun hukumat diplomatik frontda faol ish olib bormoqda, shuningdek, mamlakat ichkarisida ham NATOga a'zolikni qo‘llab-quvvatlovchi kampaniya olib bormoqda. Biroq o‘tkazilgan so‘rovnomalarda mamlakat aholisining yarmidan ozrog‘i ushbu tashabbusni yoqlashi ma'lum bo‘ldi.