Jahon | 11:03 / 17.09.2015
2715
2 daqiqa o‘qiladi

Chilida zilzila tufayli 1 million kishi evakuatsiya qilindi

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Chilida Tinch okeanida yuz bergan zilzilaning qaytalanishi tufayli 5 kishi halok bo‘lgan va 1 million atrofidagi kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Bu haqda Chili Favqulodda vaziyatlar milliy boshqarmasi direktori Rikardo Toroga asoslanib, La Tercera nashri xabar bergan.

Rikardo Toro tumanlar aholisini sunami xavfi saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirgan. O‘z navbatida Chili IIV rahbari o‘rinbosari Maxmud Aleuy halok bo‘lgan 5 kishining 3 nafari zilzila vaqtida yurak xurujiga uchrab olamdan o‘tgani haqida aytgan. Yana ikki kishi vayronalar ostida qolgan.

Biroz oldinroq, Chili prezidenti Mishel Bachelet 17 sentabr kuni zilziladan talafot ko‘rgan hududlarga tashrif buyurishi haqida aytgandi.

Ma'lum qilinishicha, hodisa oqibatida Salamanka shahridagi yo‘llar, ko‘priklar va uylar vayron bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentabrga o‘tar kechasi Tinch okeanining Chili qirg‘oqlariga yaqin hududida 8,3 balli zilzila sodir bo‘ldi. Bu zilzila Chili hududida 4 marta qaytalandi.

Quruqlikda takrorlangan zilzilalardan eng kuchlisining markazi Chilining Ilyapel shahridan 25 km masofada sodir bo‘ldi.

Bu tabiiy ofat ortidan navbatdagi tabiiy ofat - sunami Chiliga tahdid solishi mumkin.