Texnologiya | 18:47 / 17.09.2015
1832
2 daqiqa o‘qiladi

Formula-1 bolidlarida “avariya” videokameralari o‘rnatiladi

Italiyaning Magneti Marelli kompaniyasi Formula-1 poyga bolidlari uchun haydovchi oldidagi mashina korpusiga mustahkamlanib, uning bosh harakatlarini qayd etib boruvchi yangi videkamerani taqdim etdi.

Bunday kameralar poyga hodisalarini o‘rganishda yordam beradi. Ular soniyasiga 400ta kadrni suratga olib, katta tezlikda harakatlanayotgan haydovchi harakatlarini sifatli tasvirga olib boradi, deya yozmoqda Autosport.

Bunday kameralarning paydo bo‘lishiga McLaren haydovchisi Fernando Alonso fevraldagi mavsumoldi sinovlarida duch kelgan hodisa sabab bo‘ldi. Haydovchi o‘shanda yo‘l chetidagi to‘siqqa urilib, hushini yo‘qotgan edi. Rasmiy ma'lumotlarda avariyaga kuchli shamol oqimi sabab bo‘lgani keltirilgan.

Biroq ayrim OAV Alonso elektr toki sababli hushdan ketganini xabar qilgan edi. Mazkur hodisa tasvirlangan videoyozuvlar esa mavjud emas. Shundan so‘ng Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) bolidlarga yangi yuqori tezlikda ishlovchi videokameralar joylashtirish va haydovchi bosh harakatini qayd etishni taklif etdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish