Luis Enrike: Florentsining goli mening aybim bilan sodir bo‘ldi
"Barselona" klubi bosh murabbiyi Luis Enrike YeChLning birinchi turida "Roma"ga qarshi kechgan uchrashuvdan (1:1) so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
U o‘yinda Rafinya olgan jarohat nomavrid ish bo‘lganini ta'kidlagan.
U shuningdek, raqiblardan hujumkor o‘yin kutgani, lekin himoyaga qamalib olgan jamoa durang uchun o‘ynaganiga e'tiborni qaratdi.
"Biz asosan to‘pni o‘z nazoratimiz ostida ushladik va raqib darvozasi bir qator xavfli vaziyatlar yaratdik. Bizni natijadan boshqa barchasi qoniqtirdi", deydi murabbiy.
Murabbiy darvozabon ter Shtegenning aybi bilan sodir bo‘lgan gol uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
"Roma"ning goli mening aybim. Biz darvozabonga oldinga chiqib o‘ynash bo‘yicha ko‘rsatma bergandik. Raqiblar bizga yana bir marta uzoq masofadan gol urmasligiga ishongandim.
Rafinyaning jarohati yaxshi ish bo‘lmadi. Uning tizzasi qattiq jarohatlandi. Uning ahvoli haqida endi u tibbiy ko‘rikdan o‘tgachgina aniq gap aytishim mumkin", deydi Enrike.
Eslatib o‘tamiz, o‘yinning 31 daqiqasida "Roma"ning 24 yoshli qanot futbolisi Alessandro Florentsi maydonning o‘ng qanotidan turib deyarli 45 metr masofadan "Barselona" jamoasi darvozasiga gol yo‘llagandi. Bu vaziyatda Mark-Andre ter Shtegen oldinga chiqib ketgandi.
Ma'lumot uchun, avgust oyida ham "Atletik"ka qarshi bahsda ter Shtegen Mikel San-Xosening maydon markazidan yo‘llagan zarbasini o‘tkazib yuborgandi.