Sport | 08:40 / 17.09.2015
3029
2 daqiqa o‘qiladi

"Paxtakor" Vadim Abramovga minnatdorchilik bildirdi

Oliy liganing 21-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Lokomotiv" uchrashuvidan keyin raqib jamoa bosh murabbiyi "Paxtakor"ni chempionlik bilan tabriklagandi. Shundan so‘ng, "Paxtakor" jamoasi bunga o‘z rasmiy saytida munosabat bildirgan.

"Paxtakor"ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bellashuvdan so‘ng "Lokomotiv" bosh murabbiyi matbuot anjumanida "Paxtakor"ni muddatidan oldin chempionlik bilan tabrikladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda ham u chempionat tugashiga 4 tur qolganda jamoamiz o‘zaro bahsda 3:1 hisobida zafar quchgach, raqib ustozi "Paxtakor"ni chempionlik bilan tabriklagandi.

Biz bu safar ham uning bashorati amalga oshishini xohlaymiz. U jamoamiz g‘alabalarini oldindan aytib beruvchi timsolga aylanib bormoqda. Biz yana bir bor saviyamizni namoyish qilib, shonli va g‘alabali an'anamizni davom ettirishga harakat qilamiz.

Raqib jamoa murabbiyiga esa faoliyatini davom ettirgan taqdirda u boshqaradigan har bir jamoasiga "Paxtakor" kabi nafaqat 90 daqiqa, balki qo‘shimcha daqiqalarda ham kurashish xislatini tilab qolamiz. Faqat shundagina natijaga erishish mumkin", deyiladi "Paxtakor" jamoasi nomidan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish