20:57 / 18.09.2015
19001

Kun fotosi: Yong‘in tufayli yuzaga kelgan tirbandlik vaqtida ko‘ngilli yo‘lovchi YPH xodimlariga yordamlashdi

Toshkent shahridagi yong‘in tufayli yuz bergan tirbandlik vaqtida piyodalardan biri ko‘ngilli ravishda mashinalar harakatini nazorat qilishda yordamlashdi.

Bugun, Toshkent 18 sentabr kuni Toshkent shahrining Amir Temur shohko‘chasi va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida joylashgan «Wyndham Tashkent» (sobiq «Dedeman») mehmonxonasi yonidagi biznes-markazida yong‘inni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgan vaqtda atrofdagi ko‘chalardan ikkitasida qatnovlar to‘sib qo‘yildi.

Bu vaqtda atrofdagi boshqa ko‘chalarda mashinalar tirbandligi yuzaga kelgan.

Yong‘in jarayonini kuzatish uchun voqea joyiga jo‘natilgan muxbirning xabar berishicha, bu vaziyatni nazorat qilayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimlari sonida kamchilik (3 nafar) kuzatilgan.

Natijada, ko‘ngillilardan biri YPH xodimlariga yordamga kelgan.

Manbaning aytishicha, yoshi taxminan 50 yoshda bo‘lgan ko‘ngilli yo‘lovchi chorrahada turgan holatda qo‘lida maxsus tayoqcha bilan mashinalarni kerakli vaqtda kerakli tomonga yo‘naltirib turgan. Unga parallel yo‘llardagi harakatni nazorat qilayotgan YPH xodimlari baland ovozda kerakli ko‘rsatmalarni berib turishgan.

Ayni vaqtda yopilgan yo‘llardan biri ochilgan, yong‘inni bartaraf etish ishlari butunlay yakunlanmagani tufayli yana bir yo‘lda harakatga hozircha ruxsat berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, «Wyndham Tashkent» mehmonxonasi yonidagi biznes markazida (eski nomi - "Leto bar") chiqqan yong‘inni bartaraf etish ishlariga 10ta o‘t o‘chiruvchi mashina (shundan 5tasi suv purkagichli, 5tasi narvonli) jalb etilgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bu yong‘in tufayli jarohat olganlar yo‘q.

Top