10:35 / 18.09.2015
3125

Pokiston o‘z hududigai uyg‘ur jangarilarini yo‘q qildi

Pokistonda o‘tkazilayotgan terrorchilikka qarshi keng miqyosli operatsiya davomida uyg‘ur ayirmachilarining “Sharqiy Turkiston islom harakati” guruhi jangarilarining deyarli barchasi yo‘q qilindi.

Bu haqda mamlakat prezidenti Mamnun Husayn bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yil iyunidan buyon mamlakat qurolli kuchlari Shimoliy Vaziristonda Zarbi Azb aksilterror operatsiyasini o‘tkazmoqda. Uning doirasida ushbu mintaqaga o‘rnashib olgan ko‘plab terrorchi guruhlarning harbiylashgan qismlari yo‘q qilinmoqda, agentlik tarmoqlari fosh etilib, ularning ishtirokchilari qo‘lga olinmoqda.

Garchi mamlakat rahbarlari bir necha bor terrorchilik ustidan g‘alaba qozonilganini e'tirof etgan bo‘lsa-da, amaliyotlar bugungi kunga qadar tugatilgani yo‘q.
Pokistonlik mutaxassis Mahmudshohning taxminicha, “Sharqiy Turkiston islom harakati”ning bazalari Pokiston va Afg‘onistonda bor.

Ekspertlar ushbu tashkilotni Pokiston hududidagi al-Qoida va O‘zbekiston islom harakatidan keyingi eng yirik terrorchi tashkilot deb baholamoqda. Uning tarkibidagi jangarilarning asosiy qismi uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar va o‘zbeklardan iborat bo‘lib, ular “Shinjon muxtor viloyatini Xitoydan ajratib olish yo‘lida kurashayotgan”larini e'lon qilishgan.

Muallif: Odil Said, Central Asia Online

Top