Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ravil G‘aynutdin: Moskvada hali yana masjid quriladi
Moskvada qayta rekonstruksiya qilingan jome masjidining ochilishi arafasida Rossiya Federatsiyasi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari Ravil G‘aynutdin TASS agentligiga intervyu berdi.
Suhbat chog‘ida Rossiya musulmonlari yetakchisi 111 yoshdagi masjidning o‘ziga xosliklarini ta'riflab o‘tdi.
“Masjidimiz tilla gumbazli bo‘lib, Moskva ibodatxonalari ansambliga mos keladi. Asosiysi, biz turkcha, marokashcha, forscha, malayziyacha emas, rossiyacha masjid qurdik. Dizayn, bezak, naqshlarning barcha unsurlari bizning an'analarimizga mos keladi”, - ta'kidladi u.
Eslatib o‘tamiz, rekonstruksiyaga qadar masjid hududi 970 kv m ni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirlikda ushbu ko‘rsatkich 18 900 kv m ga yetkazildi. 3 qavatli masjid 7ta liftga ega, shuningdek, u konferens-zal hamda uning uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar bilan ta'minlangan.
Dastavval masjid qurilishiga 170 mln dollars sarflanishi aytilgan edi. G‘aynutdinning e'tirof etishicha, davlat byudjyetidan pul olinmagan. Musulmonlarning o‘zlari 100 mln dollardan ortiq pul to‘plashgan.
“Biz ushbu loyihada xalqimizni birlashtira oldik”, - ta'kidladi bosh muftiy.
Shuningdek, qurilish ishlarida boshqa davlatlar ham yordam berganligi ta'kidlandi. Jumladan, Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos qurilish ishlariga shaxsan 25 ming dollar yetkazgan, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa eshiklar, vitrajlar, qandillar, marmar va boshqa qurilish mollari yetkazilishini ta'minlab bergan.
Dastlab masjidning ochilish marosimi 2016 yilga mo‘ljallangan edi. Lekin, G‘aynutdinning ta'kidlashicha Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi yilida ushbu ishni amalga oshirish ma'qul ko‘rilgan.
“O‘ylaymanki, Moskvada bitta emas, hali yana ko‘p masjidlar quriladi”, - so‘zini yakunladi G‘aynutdin.