Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp prezidentlikka saylansa, davlat rahbarining 400 ming dollarlik maoshini rad etishini ma'lum qildi
Amerikalik milliarder Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylangan taqdirda, davlat rahbari lavozimi uchun tayinlanadigan maoshdan voz kechishini ma'lum qildi. Bu haqda u Nyu-Gempshir shtatidagi Rochester shahrida tarafdorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv vaqtida ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters.
“Agarda meni prezident qilib saylashsa, birinchi bo‘lib qiladigan ishim maoshdan voz kechish bo‘ladi”, – dedi Tramp. Uning fikricha, yiliga 400 ming dollardan voz kechish “katta muammo” emas.
Forbes jurnali ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp ko‘chmas mulk va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatib, 4,1 mlrd dollarlik boyligi bilan dunyo milliarderlari ro‘yxatida 405-o‘rinda turadi. O‘zining tasdiqlashicha esa, uning mablag‘lari 10 mlrd dollardan oshadi.
Bundan avval AQShning ikki sobiq prezidenti oylik maoshdan voz kechgan. Ular tog‘-kon sanoatida o‘z daromadiga ega bo‘lgan Gerbert Guver va boy oiladan chiqqan Jon Kennedidir.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda AQSh prezidentligi uchun 20 nafardan ziyod nomzod kurash olib bormoqda. So‘nggi so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, Respublikachilar partiyadan Tramp eng katta obro‘ga ega bo‘lsa, Demokratlar partiyasi nomzodlari ichida sobiq davlat kotibi Hillari Klinton yetakchilik qilmoqda.