23:00 / 19.09.2015
2824

Oq uy AQSh Kiyevga qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilish bilan tahdid qilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

AQSh ma'muriyati Ukrainadagi OAVlarda Vashington Kiyevga Ukrainadagi korrupsiya tufayli qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilish bilan tahdid qilgani haqida paydo bo‘lgan xabarni yolg‘on deb atadi. Bu haqda AQSh vitse-prezidenti Jozef Baydenning rasmiy vakili Stiven Spektor ma'lum qildi.

“OAVlardagi ba'zi xabarlarga qaramasdan, vitse-prezident tomonidan aytilgani iddao qilinayotgan “sariq kartochka” haqidagi so‘zlar ochiqchasiga yolg‘ondir. Hech qanday aniq shaxslarga nisbatan hech qanday ogohlantirish berilmagan. Biz Ukraina hukumati bilan iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida ishlashda davom etmoqdamiz”, deb aytdi Spektor.

Spektor Bayden “Ukrainada iqtisodiy va siyosiy islohotlar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarning muhimligiga bir necha bor e'tiborni qaratganini” ta'kidlab o‘tdi.

Avvalroq OAVlarda “Bayden Poroshenko va Yatsenyukga korrupsiyaga yo‘l qo‘yib bo‘lmaslik borasida “keskin va aniq” ogohlantirish bergani haqida xabar paydo bo‘lgan edi. Bir qator nashrlarda bu haqdagi material “Bayden Poroshenko va Yatsenyukga “sariq kartochka” ko‘rsatdi” degan sarlavha bilan chiqqan edi. Aynan shunga Spektor shama qilib gapirmoqda.

Top