16:44 / 19.09.2015
4755

O‘zbekiston va Ispaniya Qirolligi o‘rtasida ikki yoqlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi Konventsiya kuchga kirdi

2015 yil 19-sentabr kuni 2013 yil 8 iyulda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida ikki yoqlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishning oldini olish to‘g‘risidagi Konventsiya kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida xabar qilindi.

Konventsiya O‘zbekiston va Ispaniya yuridik va jismoniy shaxslarining o‘z davlatlarida yoki sherik davlatda olgan daromadlarini ikki marta soliqqa tortilmasligini ta'minlaydi. Shu yo‘sinda, mazkur xalqaro shartnoma o‘zaro investitsiyalarni jalb qilish hamda ikki davlat kompaniya va tadbirkorlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradi.

Shuningdek, ushbu Konventsiya soliqqa oid huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston va Ispaniya soliq idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni ham nazarda tutadi.
Mazkur Konventsiyaning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.
Ma'lumot uchun, 1991 yil 31 dekabr kuni Ispaniya Qirolligi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan. 1992 yil 17 mart kuni esa ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.

Hozirda O‘zbekistonda ispan kapitali ishtirokidagi «Maxam-Chirchiq», «Ammofos-Maxam», «Hispantex», «Pantentes Talgo Tashkent», «Balkan Eksport Import Asia» singari 12 dan ziyod korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzurida «Marti & Deba, S.L.», «Intec Energiya S.A.» i «Laintex Veterani S.A.» singari qator ispan vakolatxonalari akkreditatsiya qilingan.

Ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yuqori tezlikdagi temir yo‘l sohasida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilayotganidan ham ko‘rish mumkin. Jumladan, «Talgo» ispan kompaniyasi mutaxassislari mamlakatimiz uchun yangi bo‘lgan texnologik yechimlar qo‘llanilgan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini loyihalashtirish va qurishda ko‘mak berdi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha 2011 yilda evaziga xarid qilingan «Afrosiyob» Talgo-250 elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdke, O‘zbekistonda yuqori tezlikka ega yo‘llarni elektrlashtirish va qurishga oid ishlar olib borilib, 2016 yildan Toshkent va Buxoro o‘rtasida navbatdagi tezyurar temir yo‘li alqoasi ishga tushirilishi belgilangan. Yangi magistral yo‘lovchilar va yuklarni tashish vaqtini 2 soatga, foydalanish xarajatlarini esa 36 foizga qisqartirish imkonini berib, atrof-muhitga zararli ta'sirni kamaytiradi.

Top