11:36 / 20.09.2015
4423

Kiyevliklar oyiga o‘rtacha 1777 dollar sarflab, dunyoning eng arzon shahri aholisiga aylandi

Kiyev tirikchilik uchun eng qimmat shaharlari ro‘yxatining oxirgi pog‘onasidan joy oldi, deb xabar berdi Euronews Shveytsariyaning UBS banki olib borgan tadqiqot natijalariga asoslangan holda.

Bank ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina poytaxtida oilalar bir oyda o‘rtacha 1237 dollar sarflaydi, kvartira xarajatlari esa 540 dollarni tashkil etadi.

Dunyoning eng qimmat shaharlari ro‘yxatida Tsyurix shahri oilalari oyiga tirikchilik uchun 3600 dollar sarflab birinchi o‘rinni egallagan. Jyenevalik oilalar o‘rtacha 3500 dollar sarflagan holda o‘z shahrining mazkur ro‘yxatning ikkinchi o‘rnida qayd etilishiga “erishgan”.

Kuchli uchlikni oilalari 3340 dollar sarflovchi Nyu-York shahri egallagan. Ushbu xarajatlarga turar-joy uchun to‘lanadigan mablag‘lar kiritilmagan. Ijara haqi ham hisoblansa, ro‘yxatni Nyu-York shahri 4320 dollar sarflab boshlab beradi.

E'tiborli jihati shaharlar aholisining oylik daromadi va sarf-xarajatlari o‘rtasidagi tafovutda ko‘zga tashlanadi. Tsyurix aholisi bir soatda 41 dollar ishlab topsa (soliqlarni qo‘shib hisoblaganda), kiyevliklarning daromadi ulardan 21 barobar kamroqdir. Biroq turmush kechirishi uchun sarf-xarajatlar o‘rtasidagi farq 2,8 barobarni tashkil etadi.

UBS banki uch yilda bir marta 112 turdagi mahsulotlarni o‘z ichiga olgan iste'mol savati qiymatini hisoblab chiqib, olingan natijalarni mahalliy valyutadan dollarga aylantirishni ko‘zda tutuvchi tadqiqot yakunlarini chop etadi.

Top