17:56 / 20.09.2015
2792

OAV: "PSJ" Mourinoga taklif bilan chiqdi

"PSJ" rahbariyati Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish uchun jamoa boshqaruviga Joze Mourinoni taklif etish niyatida.

Sunday Express nashri xabarida yozilishicha, "Chelsi" bosh murabbiyi ayni vaqtda parijliklarning asosiy maqsadi bo‘lib turibdi va u shu mavsum davomidayoq Parijda ish boshlashi mumkin.

Joze Mourino shu yilning avgustida yangilangan shartnomasiga ko‘ra londonliklar bilan 2019 yilga qadar hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan.

Biroz vaqt muqaddam murabbiy hech qachon o‘z xohishiga ko‘ra "Chelsi"dan ketmasligini aytgan edi.

Parijliklar rahbariyati ushbu portugalni o‘z jamoalarini yangi darajaga olib chiqishi mumkin bo‘lgan mutaxassis sifatida ko‘rmoqda.

Ma'lumot uchun, Mourino 2 marta YeChLni qo‘lga kiritgan ("Portu" va "Inter" bilan). "PSJ" rahbari Mourino bu ishni o‘z jamoasi bilan ham takrorlashi mumkinligiga ishonch bildirmoqda.

Qayd etish kerakki, Joze Mourino APLning yangi mavsumini ishonchli tarzda boshlamadi. Londonliklar 6 turdan keyin 7 ochko bilan turnir jadvalining 13-o‘rniga joylashgan.

Mourino jamoaga 2013 yilda qaytgandi. 2014-15 yillar mavsumida u jamoa bilan APLda chempion bo‘ldi.

"PSJ"da esa 2013 yildan buyon Loran Blan bosh murabbiy sifatida ishlamoqda. Joriy mavsumning 6 turidan keyin "PSJ" 14 ochko jamg‘argan va turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘liga olgan. Parijliklar Blan murabbiyligida o‘tgan 2 mavsumda ham Fransiyada chempionlikni nishonladi.

Top