Sport | 12:42 / 20.09.2015
1791
2 daqiqa o‘qiladi

Taekvondo bo‘yicha Samsun Gran-Prisida aka-uka Rafalovichlar omadsiz ishtirok etdi

Turkiyaning Samsun shahrida taekvondoning VTF yo‘nalishi bo‘yicha yilning nufuzli musobaqalaridan biri – Gran-Pri turniri yakunlanadi. Avval xabar berilganidek, musobaqaning ilk kuni mutloq vazn (+87) toifasidagi bahslar o‘tkazilib, unda bir yo‘la ikki nafar sportchimiz dayanga chiqqan edi.

Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan Jasur Boyqo‘ziyev ikkinchi davra bahsida koreyalik Chi Jol Xoga oltin ochko farqi bilan 3:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Aynan koreyalik taekvondo ustasi yakunda Samsun Gran-Prisi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Amaldagi jahon chempioni Dmitriy Shokin esa yarim finalga qadar mag‘lubiyatsiz yetib borgan va bu bosqichda hakamlarning xatosi evaziga eronlik raqibiga 5:6 hisobida yutqazib, bronza medali bilan taqdirlangandi.

Kecha, 19 sentabr kuni -80 kg vazn toifasida dayanga chiqqan o‘zbekistonlik sportchilar – aka-uka Maksim va Nikita Rafalovichlar medallar uchun bahslarga kirishishdi. O‘zbekistonlik taekvondochilar mos ravishda birinchi va ikkinchi davra uchrashuvida mag‘lubiyatga uchrashdi. Bu haqda "Olamsport.som" nashri xabar berdi.

Ayni paytda Jasur Boyqo‘ziyev 338 ochko bilan dunyo reytingida hamon birinchi o‘rinni egallab turibdi. Dmitriy Shokin esa ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Aka-uka Rafalovichlar ushbu reyting ochkolari orqali Rio-2016ga borish imkoniyatlari deyarli yo‘qqa chiqdi. Endi ular kelasi yili o‘tkaziladigan Osiyo saralashi orqali Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lishlari mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish