Jamiyat | 20:54 / 21.09.2015
35983
2 daqiqa o‘qiladi

Obid Yunusov noqobil farzand fojiasi haqida

Bugun, 21 sentabr kuni 81 yoshida olamdan o‘tgan O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov ishtirok etgan, uning oxirgi ijrosi bo‘lib qolgan "Norizo" nomli videorolik o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari e'tiborini o‘ziga qaratdi.
Ijtimoiy yo‘nalishdagi ushbu rolikda Obid Yunusov markaziy qahramon, noqobil o‘g‘il tomonidan qadrlanmagan ota obrazini ijro etish bilan birgalikda, kadr ortida monolog o‘qiydi.
Rolik syujyetiga ko‘ra, farzandini oq yuvib, oq taragan, uni tarbiyalagan ota, o‘zi keksayib kuchdan qolgach, o‘z o‘g‘liga keraksiz bo‘lib qoladi. O‘z otasidan nomus qila boshlagan farzand uni oxir-oqibat qariyalar uyiga olib borib tashlaydi.
Ota esa o‘g‘liga faqat yaxshiliklar istab, qaytar dunyo unga ham o‘zi bilan bo‘lganidek qismatni ravo ko‘rmasligini tilaydi.
Voqealar yakunida o‘g‘il o‘z fojiasini anglab yetadi, biroq u otasini uyiga olib qaytish uchun kelganida, ota jon beradi.
Loyiha "O‘zbektelefilm" hamkorligida ishlangan. Loyiha mualliflari Barlos Ali va Obid Yunusov bu orqali jamiyat e'tiborini yana bir jiddiy muammo haqida o‘ylashga majbur etgan.