21:17 / 21.09.2015
5023

O‘zbekistondan noqonuniy valyuta olib ketishga harakat qilgan chet ellik fuqarolar to‘xtatib qolindi

O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish borasida muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan shu turdagi bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

“Ayollarning nozikkina va bejirim sumkalari faqatgina pardoz-andoz vositalari uchun xizmat qilmaydi. Masalan, undan bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, naqd xorijiy valyutalarni yashirib, olib o‘tishga urinib ko‘rish mumkin. Har holda sirdaryolik Kim xonim (maqoladagi barcha ism-shariflari o‘zgartirilgan) aynan shunday fikrga borib qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ydi. Ammo, Seulga uchish oldidan bojxona nazorati vaqtida bu kabi o‘ylarning barchasi havoga uchdi. Oqibatda, ayol 2500 AQSh dollari bilan “xayrlashdi”, deb ma'lumot beradi “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati.

Krasnoyarsklik Yelena ismli ayol ham shunday yo‘l bilan 2800 AQSh dollarini olib o‘tmoqchi bo‘lganida fosh bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olgan chustlik yigit tekshirilganda esa yon daftar sahifalari o‘rnida o‘rnatilgan 34ta 100 dollarlik kupyuralar topilgan.

“Toshkent-Dehli” yo‘nalishi bo‘yicha o‘z yurtiga otlangan Singx esa hamyonida 3900 AQSh dollarini bojxona bayonnomasida qayd etishni “unutib qo‘ygani” aniqlandi.

“Mavritaniyalik Yasin ”Toshkent-Dubay” parvoziga biroz kechikdi. Bunga esa bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib o‘tishni ko‘zlab, cho‘ntagiga bekitgan salkam 4 ming AQSh dollari “sababchi” bo‘ldi”, deyiladi axborotda.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Raqamlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 220dan ortiq bojxona qoidabuzarliklar natijasida 297 ming AQSh dollari, salkam 26 ming yevro, 2,2 mln.dan ortiq Rossiya rubli va boshqa naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldi olindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston respublikasining chegara-bojxona postlari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali chiqib ketayotgan shaxslar valyuta nazoratidan o‘tkaziladi. Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar tomonidan to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy va chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari hamda qimmatbaho buyumlarning mavjudligi va miqdori ko‘rsatilishi shart.

Respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o‘rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Norezidentlarga esa O‘zbekistonga kirib kelayotganda o‘zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.

Top