Jahon | 17:11 / 21.09.2015
10740
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik isyonchilar Rossiyaga “Ikkinchi Afg‘oniston”ni va'da qilmoqda

Suriyalik isyonchilar Rossiyaga “Ikkinchi Afg‘oniston”ni va'da qilmoqda, deb xabar beradi Reuters agentligi. Agentlik bilan hamsuhbat bo‘lgan muxolif kuchlarning ta'kidlashicha, “Rossiya bu yerga yuborgan askarlarini tobutlarda qaytib oladi”.

Agentlik Bashar Asad rejimi hamda IShIDga qarshi kurashayotgan suriyalik isyonchilar saflarida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ularning ma'lum qilishicha, hukumat qo‘shinlari sezilarli darajada kuchaygan: aviazarbalar aniqlashgan, jang maydonlarida yangi zirhli texnika paydo bo‘lgan.

“Hisob-kitoblarimizga qaraganda, ruslarning ishtiroki tufayli janglar yana bir necha yilga cho‘ziladi”, - dedi qurolli guruhlardan birining boshlig‘i so‘rov chog‘ida. Ixtilofning boshqa ishtirokchilari Turkiya va Saudiya Arabistonining ham faollashuvini kutmoqda.

“Rossiya ixtilofni siyosiy yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdor emas, - dedi “Ozod Suriya armiyasi” vakili. – U faqat Asad rejimini saqlab qolishga intilmoqda. Bizni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga kelsak, o‘ylashimcha, ular bizga moddiy va siyosiy jihatdan yordam beradi”.

Rasmiy Moskva Bashar Asadni mamlakatning haqiqiy rahbari deb hisoblashini bir necha bor e'tirof etgan edi. Ammo Rossiya qurolli kuchlarining harbiy harakatlarda ishtirok etishi xususida hozircha hech qanday rasmiy ma'lumot mavjud emas.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish