15:54 / 22.09.2015
3955

OAV: 2015 yilda selfiga suratga tushish vaqtida halok bo‘lganlar soni akulalar hujumidan vafot etganlardan ortib ketdi

22 sentabr kuni Mashable portali 2015 yilda selfiga suratga tushish vaqtida halok bo‘lganlar soni akulalar hujumidan vafot etganlardan ortib ketganini xabar qildi. Birgina ingliz nashrlarining o‘zida selfi tushishga urinishda olamdan ko‘z yumganlar haqidagi xabarlar soni ochiq dengizda akular hamlasidan vafot etganlardan ko‘proq e'lon qilingan.

Akulalar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar haqida xabar berishga ixtisoslashgan sharkattacksurvivors.com sayti ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda dunyo miqyosida suv yirtqichlari hamlasi natijasida 8 kishi vafot etgan.

O‘z navbatida, Mashable ingliz matbuotida eng kamida 12 o‘lim holati selfi tushish bilan bog‘liq xabarlarni e'lon qilgan. Ular orasida 2015 yil may oyida to‘pponchani peshonasiga tirab selfiga tushishda o‘zini otib qo‘ygan rossiyalik qiz, poyezd tomida suratga tushmoqchi bo‘lib elektr toki urishidan hayotdan ko‘z yumgan yoshlar va boshqalar o‘rin olgan. Eng so‘nggi shov-shuvli holat esa 18 sentabr kuni ro‘y berdi. 66 yoshli yapon o‘z do‘sti bilan Hindistonda Toj Mahal poyida selfiga tushishda sirpanib ketib, hayotdan ko‘z yumgan edi.

Biroq mazkur ma'lumotlarni to‘liq deb hisoblab bo‘lmaydi. 5 iyul kuni Rossiya OAV 2015 yilda dunyo bo‘yicha eng kamida 50 o‘lim holati aynan selfi natijasida sodir bo‘lganini e'lon qilgan edi. RIA “Novosti” agentiligining ma'lum qilishicha, 2015 yil avvalidan buyon faqatgina Rossiyaning o‘zida 100dan ziyod baxtsiz hodisa avtoportret ishqibozligi oqibatida ro‘y bergan.

Top