Jahon | 09:54 / 22.09.2015
2347
1 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun Quddusdagi muqaddas joylarda status-kvo saqlanishi lozimligini aytdi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun dushanba kuni Quddusdagi muqaddas joylarda status-kvo saqlanishi lozimligini aytdi. Shuningdek, u falastinliklar va isroilliklarni vaziyatni keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlar va bayonotlardan qochishga chaqirdi.
Ma'lum bo‘lishicha, bu tilaklar uning tomonidan Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan telefon muloqoti chog‘ida aytib o‘tilgan.
“Bosh kotib Ibodatxona tepaligidagi vaziyatdan tashvishda ekanligini ta'kidladi hamda ikki tomonni ham keskinlikni bartaraf qilishga chaqirdi”, - deyiladi rasmiy kommyunikeda.
Eslatib o‘tamiz, Ibodatxona tepaligida yahudiylar muqaddas sanaydigan Yig‘i devori va musulmonlar muqaddas sanaydigan al-Aqso masjidi joylashgan. Yahudiy yangi yili nishonlanishi arafasida hududda xavfsizlikni ta'minlash maqsadida bu yerda politsiya nazoratining kuchaytirilishi oqibatida arablar bilan to‘qnashuvlar yuzaga keldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish