10:54 / 22.09.2015
2387

Venesuela va Kolumbiya prezidentlari munosabatlarni yaxshilash haqida kelishib oldi

Venesuela va Kolumbiya munosabatlarni yaxshilash hamda hamkorlikda kontrabandaga qarshi kurash olib borish to‘g‘risidagi kelishib oldi. Bu haqda dushanba, 21 sentabr kuni Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ma'lum qildi.

“Mazkur uchrashuv bizning turlicha nuqtai nazarlarimizga izoh berish bilan boshlandi. Taraqqiyot modellarimiz bir-biridan farq qiladi, biroq bizni birlashtiruvchi sohalarda hamkorlik qilishimiz mumkin. Biz Venesuelaning chegaradagi harakatlarini hurmat qilamiz, jumladan, hujjatlari bo‘lmagan kolumbiyaliklarni deportatsiya qilish huquqini ham. Chegaralardagi jinoyatchilar o‘rtamizdagi qarama-qarshilikdan foydalanib qolmoqda va biz bunga qarshi hamkorlikda kurashga kelishib oldik. Biz hukumatlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni tiklash haqida ham kelishib oldik”, - dedi Kolumbiya prezidenti.

“Ikki rahbar o‘rtasida qarama-qarshilik paydo bo‘lsa, birinchi navbatda xalq jabr ko‘radi. Biz birodarlashgan davlatlarmiz va Venesuelani yaxshi ko‘ramiz”, - deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida, Venesuela prezidenti Maduro ham uchrashuv yuzasidan munosabatini bildirib o‘tdi. “Bugun tinchlik va muloqot g‘olib bo‘ldi”, - deb mazkur uchrashuvni tashkil etgan Ekvador va Urugvay prezidentlariga minnatdorchilik bildirdi Maduro.

Muzokaralar Ekvador prezidenti Rafael Korrea va Urugvay yetakchisi Tabare Vaskes ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda to‘rt mamlakat tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Ikki davlat prezidentlari muqaddam chaqirib olingan elchilarni ortga qaytarish va 23 sentabr kuni Karakasda vazirlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishga ham qaror qilishdi. Bu haqda Ekvador prezidenti Rafael Korrea ma'lum qildi.
16 sentabr kuni Kolumbiya prezidenti Santos Ekvador prezidenti Rafael Korrea va Urugvay yetakchisi Tabare Vaskes tomonidan vositachi sifatida Ekvador poytaxti Kito shahrida Maduro bilan ushbu muzokaralarni o‘tkazish taklifini qabul qilib olgan edi.

Top