Jamiyat | 18:08 / 23.09.2015
3753
2 daqiqa o‘qiladi

105 yoshli yapon 100 metrga yugurish bo‘yicha jahon rekordini yangilaganidan qoniqmadi

Yaponiyalik Xidekiti Miyadzaki 100 metrga yugurib, 105 yoshdan oshganlar o‘rtasida jahon rekordini yangiladi. Biroq u o‘zining natijasidan norozi ekanini ma'lum qildi.

Olti karra olimpiya o‘yinlari g‘olibi Useyn Bolt sharafiga “Oltin Bolt” deb laqab olgan Miyadzaki 23 sentabr kuni Yaponiyaning Kioto shahrida o‘zining 105 yoshga kirganini nishonlaganidan so‘ng 100 metrlik masofani bosib o‘tish uchun 42,22 soniya sarfladi. Yugurish tamomlanganidan so‘ng Miyadzakiga Ginnesning rekordlar kitobi vakillari uning rekordni tasdiqlovchi maxsus sertifikatni taqdim etdi.

“Men o‘z natijamdan noroziman, - dedi Miyadzaki Frans Press agentligi bilan bo‘lgan suhbatda. – Yugurish vaqtida men juda sekin harakat qilayotganimni tushunib yetdim. Menimcha, qariyapman! Bilasizmi, yugurish bilan yaqindan shug‘ullanayapman. Men kuchliroq shug‘ullanishim kerak. Mashg‘ulotlar yaxshi kechmoqda, shuning uchun oldimga 100 metrli masofani 35 soniyada bosib o‘tishni maqsad qilib qo‘ydim. Men o‘z natijamni yaxshilay olaman”.

“Ayta olamanki, men o‘z salomatligim bilan faxrlanaman. Bir necha kun oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tdim va shifokorlar menga gijinglagan toydek sog‘lomligimni aytishdi. Balki aqlim avvalgidek emas, ammo jismoniy jihatdan men tip-topman”.

Useyn Bolt muvaffaqiyatlari haqidagi savolga “U hali men bilan yugurgani yo‘q”, deya javob berdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish