23:44 / 23.09.2015
2822

Hindistonda poyezdda beshta portlovchi qurilma topildi

Hindistonda poyezdda beshta portlovchi qurilma topildi. Bu haqda The Times of India nashri ma'lum qildi. Voqea G‘arbiy Bengaliya shtatidagi Xaura shahridagi stansiyada yuz berdi.

Stantsiyaga kelgan poyezdni tozalayotgan xodimlardan biri shubhali paket topib olgan va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislarni chaqirtirgan. Sapyorlar paket ichida suv quvuridan tayyorlangan beshta silindrsimon jismni aniqlashgan. Paket maxsus konteynerga solinib, portlatib yuborilgan.

Mutaxassislar jismlar qoldiqlarini tekshirishgandan keyin, har bir quvur ichida portlovchi modda bo‘lganini aniqlashgan. Xavfli yuk egasi hozircha topilmagan. Politsiyaning fikricha, bu jismlar qo‘lbola minalar bo‘lib, naksalit-partizanlar uchun mo‘ljallangan bo‘lgan.

Naskalitlar Hindistondagi qurollangan maochilar guruhi bo‘lib, ular Hindiston hukumatiga qarshi qabilalar uyushmasi va yeri yo‘q dehqonlarning manfaatlari yo‘lida kurash olib boradilar. Ular jungli o‘rmonlarida berkinib, amaldorlar va politsiyachilarga hujumlar uyushtirib turadilar. Mashhur hind aktyori Mitxun Chakraborti ham bir vaqtlar naskalitlardan biri bo‘lgan. Hindiston hukumati naskalitlarni mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan bosh xavf deb hisoblaydi.

Top