20:50 / 23.09.2015
3774

Internetda ikkita displeyli LG smartfonining fotosuratlari paydo bo‘ldi

Evleaks taxallusi bilan ma'lum bo‘lgan Evan Blass ismli foydalanuvchi o‘zining Twitter-akkauntida ikkita displeyli LG V10 smartfonining suratlarini joylashtirdi.

Smartfonda ikkinchi displey asosiy ekranning yuqorisida, frontal kameralar yonida joylashgan. Suratga ko‘ra, bu displey Samsung Galaxy Note Edge smartfoni yoniga egilgan displey kabi funksiyalarni bajaradi, ya'ni unda eslatmalar va dasturlarning ikonkalari joylashadi. Suratda ikkita frontal kamerani ham ko‘rish mumkin, biroq uning vazifasi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Yaqinda internetda smartfonning ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Smartfon 2560x1440 nuqtali 5,7 dyuymli displey, 6 yadroli Qualcomm Snapdragon 808 protsessori, 3 Gb tezkor xotira va 64 Gb doimiy xotira, 16 Mpli asosiy va 5 Mpli frontal kamera bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, smartfonning blokdan chiqarish tugmasida barmoqlar izi skaneri joylashtirilishi mumkin.

Top