Jahon | 09:22 / 23.09.2015
15114
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari suriyalik qochqinlarni qabul qila oladimi? Ekspertlar javob berdi

Dushanba kuni Britaniya parlamentida chiqish qilgan lord Desai suriyaliklarning katta qismini Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘chirish mumkinligini ta'kidladi. Uning fikricha, BMT bilan hamkorlikda qochqinlarni Yaqin Sharqdan Markaziy Osiyoga ko‘chirish mumkin.

“Markaziy Osiyoda aholisi kam mamlakatlar bor: Turkmaniston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston va boshqalar. Bu yerda aholi zichligi Yevropadagidan yuz barobar pastdir. Men BMT ushbu davlatlar bilan hamkorlikda muhojirlar va qochkinlarning katta qismini ushbu mamlakatlarga ko‘chirish rejasini ishlab chiqishini istardim”, - dedi u.
Bu masalada ekspertlarning fikrini aniqlash uchun Sputnik agentligi rossiyalik siyosiy tahlilchi Andrey Zaxvatovga murojaat qildi.

Ekspertning fikricha, lord taklifiga jiddiy yondashish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
“Birinchidan, postsovet Markaziy Osiyo davlatlarida, Tojikiston misolida, aholi o‘sishi yiliga 2 foizni tashkil qiladi. Bu degani, 8.3 mln aholisi bor Tojikistonda mehnat bozoriga har yili 170 mingdan kam bo‘lmagan voyaga yetgan odam chiqadi. Ularning barchasiga ta'lim va ish berish lozim”, - dedi u.
Ammo ish o‘rni yetarli emas. Shu bois millionlab odamlar har yili Rossiyaga yo‘l oladi.
Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarining aksariyati past daromad ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, bunaqa katta miqdorda qochqinlarni qabul qila olmaydi.

Bu fikrlarga tojikistonlik moliyachi Sadriddin Amirov ham qo‘shildi. Tojikistonda AQSh va Yevropadagi moliyaviy imkoniyatlar mavjud emas.
Boshqa omillar qatorida esa qochqinlarning o‘zlari farovon va boy Yevropada yashash niyatini bildirayotganidir. Tojikistonlik mutaxassis Aziz Nazarovning ta'kidlashicha, qochqinlar Markaziy Osiyoga ko‘chib o‘tishni istashmaydi.
Bundan tashqari, uning fikricha, Yaqin Sharqning Saudiya, BAA, Qatar singari boy davlatlari qochqinlarni qabul qilishi to‘g‘riroq bo‘lar edi.

“Mening fikrimcha, bu davlatlar suriyaliklarga Tojikiston va O‘zbekistonga nisbatan madaniy va diniy jihatdan yaqinroqdir”, - dedi u.
Shu bilan birga, Qozog‘iston keragicha qochqinlarni qabul qilishga tayyor. Bu haqda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Birjan Nurimbetov bayonot berdi. U mamlakatda 2011 yilda “Qochqinlar to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganini, BMTning qochqinlar bo‘yicha vakolatxonasi ishlab turganini eslatib o‘tdi.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish