20:51 / 23.09.2015
5357

O‘zbekistonlik hojilar Prezident Islom Karimovni Qurbon hayiti ayyomi bilan tabriklashdi

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Bugungidek osoyishta va farovon kunlarda Sizni va Siz orqali O‘zbekiston xalqini qutlug‘ ayyom – Qurbon hayiti munosabati bilan muborak zaminda haj ibodatini ado etayotgan yurtdoshlarimiz nomidan samimiy muborakbod etamiz.

Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsinki, ona Vatanimiz mustaqilligi biz uchun avvalo o‘zligimizni anglash, insoniy qadrimizni, urf-odat va qadriyatlarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimiz, aziz-avliyo va allomalarimizning tabarruk nomlari va merosini, g‘urur va iftixorimizni tiklash, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi beqiyos imkoniyatlarni ochib berdi.

Xalqimiz bunday ulkan natijalarni, salmog‘i va ahamiyati hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan yutuqlarni har jihatdan puxta o‘ylangan, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi deb biladi va yuksak qadrlaydi.

Dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni ko‘rib, kuzatib shuni to‘liq ishonch bilan aytamizki, biz uchun, mo‘min-musulmonlar uchun tinchlik va omonlik eng oliy ne'mat, musaffo dinimiz targ‘ib qilgan ulug‘ qadriyatdir. O‘zbek xalqining bizga tinchlik kerak, omonlik kerak, degan mana shu muxtasar da'vati bugun millati va e'tiqodidan qat'i nazar farovonlikka intilgan butun dunyo ahlining xohish-istagini o‘zida yaqqol ifodalamoqda.

Biz, o‘zbekistonlik hojilar Makkai mukarrama, Madinai munavvara singari muqaddas manzillarda bo‘lib, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini Yaratgandan iltijo qilib so‘ramoqdamiz.

Prezident Janobi Oliylari, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat tilab, xalqimiz va aziz diyorimizni hamisha O‘z panohida asrashini so‘rab duolar qilib qolamiz.

Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

O‘zbekiston hojilari nomidan
muftiy Usmonxon ALIMOV

Makka shahri, Arafot vodiysi
2015 yil 23sentabr.

Top