Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolaning omadga erishishiga halaqit qiluvchi tarbiyadagi 7 ta xato
Yetakchilik bo‘yicha mutaxassis, psixologiya bo‘yicha eng sara kitoblar muallifi Tim Elmor tadqiqotlari orqali ota-onalarning oddiy xatolarini aniqladi. Ayon bo‘lishicha, bunday tarbiya orqali bolalarda o‘z-o‘ziga ishonchsizlik paydo bo‘ladi va shaxsiy hayotda hamda ish faoliyatida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini cheklaydi.
Ota-onalarga tarbiyada xatolikka yo‘l qo‘ymasliklari uchun Elmorning ushbu maqolasi bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.
1. Farzandimizni tavakkal qilishiga qo‘yib bermayman
Biz har qadamda xavf bo‘lgan zamonaviy hayotda yashaymiz. “Ehtiyotkorlik hammasidan muhim” fikri farzandimizni yo‘qotib qo‘yish qo‘rquvini yanada orttiradi, shuning uchun biz uni cheksiz mehrimiz tufayli himoya qilamiz. Yevropa psixologlarining aniqlashicha: agar bolalar ko‘chada o‘ynamasa, o‘zi yiqilib, turib yurmasa, katta bo‘lgach, ular turli fobiyalar bilan og‘riydi.
Bola yiqilish norma ekanligini anglashi uchun bir necha bor yiqilishi lozim. O‘smirlar esa hissiy yetilib, uzoq davom etadigan munosabatlarga tayyor bo‘lishi uchun janjallashib, birinchi muhabbatini yo‘qotish azobini chekishi kerak.
Ota-ona farzandidan tavakkal qilish imkoniyatini olib qolishi bilan ularda takabburlik, manmanlik va o‘z-o‘ziga past baho berishni shakllantiradi.
2. Biz juda tez yordamga shoshilamiz
Hozirgi yosh avlodda 30 yil oldingi bolalarga xos bo‘lgan ba'zi sifatlar rivojlanmagan. Farzandimiz qiynalib qolganda tez yordamga kelish va unga haddan ortiq mehr berish bilan biz ularning qiyin vaziyatlarda yechim topish xususiyatini so‘ndiramiz.
Ertami-kechmi bolalar kimdir ularni doim qutqarishiga o‘rganib qolishadi: “Agar xato qilsam yoki maqsadimga erisholmasam, kattalar vaziyatni to‘g‘irlaydi”. Ammo aslida kattalar dunyosi butunlay boshqacha qurilgan.
Bunday tarbiya ta'sirida bolalaringiz kattalarning murakkab olamiga layoqatsiz bo‘lib o‘smoqda.
3. Biz uni juda maqtab yuboramiz
O‘z-o‘ziga baho berishni oshirish harakati hali bebi-bumerlar davrida boshlangan, 1980 yillarda esa u maktabda ildiz otdi. “Har bir ishtirokchi kubokni qo‘lga kiritadi” qoidasi bolaga o‘zini alohidadek his qilishga yordam beradi. Biroq zamonaviy psixologlarning fikricha, bu metod noaniq natijalarga olib keladi.
Biroz vaqt o‘tgach, bola uni ota-onasidan boshqa hech kim ajoyib, deb hisoblamayotganini sezadi. Shunda bola ota-onasining xolisligiga shubhalanadi. U maqtov olayotganidan xursand bo‘ladi, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini anglaydi.
Bunday bola vaqt o‘tishi bilan noqulay vaziyatdan chiqish uchun muttahamlik qilishni, bo‘rttirib aldashni boshlaydi. Chunki u shunchaki qiyinchiliklar bilan to‘qnashishga moslashmagan.
4. Yaxshi xulq-atvorning gunohkorlik hissini yopib ketishiga yo‘l qo‘yib beramiz
Bolangiz sizni doim yaxshi ko‘rishi shart emas. U hayotda ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tishi lozim, ammo bunda unga erkatoylik halaqit beradi. Shuning uchun farzandingizga “yo‘q” va “hozir emas” deyishni biling, shundagina ular o‘z xohishlari va ehtiyojlari uchun kurashishni o‘rganishadi. Agar oilada bir nechta farzand bo‘lsa, ota-ona bir farzandni taqdirlab, qolganini ajratib qo‘yishni haqiqatdan emas, deya baholashadi. Ammo hammasini bir xil vaqtda rag‘batlantirish amalda hayotga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday harakatlar bilan biz muvaffaqiyat harakatchanlik va yaxshi amallarga bog‘liq ekanligini bolalarga namoyish qilish imkoniyatini o‘tkazib yuboramiz.
Endidan bolalarni savdo markazlariga olib borishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Agar sizning munosabatingiz faqat moddiy rag‘batlar bilan bog‘liq bo‘lsa, bola hech qanday ichki turtkini ham, muhabbatni ham his qilmaydi.
5. O‘tmishimizda qilgan xatolarimiz bilan o‘rtoqlashmaymiz
Vaqti kelib, har qanday o‘smir o‘zi qanot yozib, harakat qilishni istaydi. Shunda kattalar unga yo‘l ochib, ruxsat berishlari lozim. Ammo bu ota-onaning bolasi uchun hali notanish bo‘lgan narsa va hodisalarda unga yo‘l ko‘rsatib yuborishi mumkin emasligini anglatmaydi. Shunday ekan, aziz ota-onalar farzandingizning yoshida qilgan xatolaringiz to‘g‘risida gapirib bering. Ammo suhbatingiz pand-nasihatga aylanib ketmasin.
Bolalar ko‘ngilsizliklar bilan yuzma-yuz kelishga tayyor bo‘lishlari va qabul qilgan qarorlarining natijasiga javob berishlari lozim.
Ularnikiga o‘xshash vaziyat bilan to‘qnash kelganingizda o‘zingizni qanday his qilganingiz, qanday choralar ko‘rganingiz va bundan nimalarni o‘rganganingizni aytib bering.
6. Biz intellekt va qobiliyatni voyaga yetganlik bilan adashtiramiz
Intellekt ko‘pincha bolaning kamolot darajasi ma'nosida qo‘llaniladi. Bunday vaziyatlarda ba'zi ota-onalar aqlli bola haqiqiy hayotga tayyor deb o‘ylashadi. Ammo bu noto‘g‘ri. Masalan, ba'zi professional sportchilar yoki Gollivud yulduzlari juda qobiliyatli bo‘lishsa-da, ommaviy janjallarga tushib qolishadi.
Farzandingizni har sohada qobiliyatli, deb o‘ylamang.
Bolaga qachon qandaydir aniq erkinlik berishning mukammal “javobgarlik yoshi” yoki qo‘llanmasi mavjud emas.
Ammo yaxshi qoida bor – farzandingiz yoshidagi boshqa bolalarni kuzatish. Farzandingizning tengdoshlari o‘zini ancha mustaqil eplayotgan bo‘lsa, balki, sizning o‘zingiz kichkintoyingizdagi mustaqillikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgandirsiz.
7. Farzandimizga o‘rgatayotgan narsamizga o‘zimiz amal qilmaymiz
Ota-ona sifatida farzandimizga tilayotgan hayotni avval o‘zimiz yaratib olishimiz, unga namuna qilib ko‘rsatishimiz zarur. Hozir oilaning yetakchisi aynan bizmiz, shuning uchun atrofdagilarga bo‘lgan munosabatimizda haqiqatni saqlab turishimiz kerak. Qilayotgan ishlaringizni, hatto, maydasini ham nazorat qiling, chunki sizni farzandingiz kuzatib turibdi.
Agar siz qoidalarga amal qilmasangiz, farzandingiz ham ularga bo‘ysunmaydi. Boshqalarga ko‘ngildan yordam berish nima ekanligini bolangizga ko‘rsating. Atrofingizni va insonlarni yaxshilashga harakat qiling, shunda farzandingiz ham xuddi shu yo‘lni tutadi.
Manba: Xabardor.uz