Jamiyat | 13:22 / 24.09.2015
2760
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada keksalar aholining 13,1 foizini tashkil etdi

Janubiy Koreyada 65 va undan oshgan keksalar soni 2015 yilda rekord darajani tashkil etdi. Bu haqda “Yonhap” agentligi ma'lum qildi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Koreya Respublikasida istiqomat qilayotgan 50,61 million aholining 13,1 foizi 65 va undan oshgan fuqarolardir, 2014 yilgi hisob-kitoblarda esa ushbu ko‘rsatkich 12,7 foizni tashkil etgan.

Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, statistik ma'lumotlar yuritila boshlagan 1960 yilda umumiy aholining 2,9 foizigina nafaqa yoshidagi keksalardan iborat bo‘lgan.

Agentlikning taxmin qilishicha, ushbu raqamlar o‘sishda davom etib, 2020 yilda aholining 15,7 foizi keksalik yoshida bo‘ladi, 2030 yilda esa 24,3 foiz aholi 65 yoshdan oshganligini nishonlaydi. 2060 yilda bu ko‘rsatkich eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, fuqarolarning 40,1 foizi keksalardan iborat bo‘ladi, deya bashorat qilinmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda keksalarning 31 foizdan ziyodrog‘i mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan. 2013 yilda esa bu ko‘rsatkich 30,9 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, 2015 yilda 55-79 yoshli fuqarolarning 61 foizi o‘z mehnat faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.
Ayni paytda 55-79 yoshdagi keksalar olayotgan o‘rtacha nafaqa puli 490 ming von (411,8 dollar)ni tashkil etsada, nafaqaxo‘rlarning yarmidan ko‘pi oyiga 100-250 ming von olishadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish