Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ramzon Qodirov Makkadagi tiqilinchni ham fojia, ham Tangrining in'omi deb atadi
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Makkada 24 sentabrda haj paytida yuz bergan tiqilinchni “Tangrining katta in'omi” deb atadi. Qodirov bunday fikrni “Russkaya slujba novostey” axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Mino vodiysida yuz bergan voqea – haqiqatda fojiadir. Biroq biz bunday deya olmaymiz, chunki Saudiya Arabistoniga haj safariga boruvchi har bir musulmon, u yerda o‘lim topishni istaydi. Alloh haj safari paytida o‘lganlarning barcha gunohlarini kechadi. Har bir musulmon Allohning jamolini ko‘rishni istaydi. Ya'ni bu fojia bir vaqtning o‘zida Tangrining katta in'omi hamdir”, deb aytdi Qodirov.
Qodirov shu bilan birga Saudiya Arabistoni qolgan ziyoratchilarning xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganiga ishonch bildirdi.
Qodirov halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. “Alloh ularning hajlarini qabul qilsin. Ular muqaddas kunda, barcha musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan joyda olamdan ko‘z yumdilar, ular baxtli odamlardir, biz ularga havas qilamiz. Alloh ular bilan jannatda ko‘rishishni nasib aylasin”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Ramzon Qodirov.
Fojia Iyd al-Adh bayramining birinchi kuni, 24 sentabrda yuz berdi. Ziyoratchilar yo‘lda yuz bergan tiqilinch oqibatida halok bo‘ldilar.
Haj islomning besh farz amalidan biri hisoblanadi. Haj besh kun davom etadi: bu vaqt davomida Ka'ba atrofida 7 marta aylanish, Arofat tog‘ida belgilan vaqt davomida turish, Safo tog‘idan Marva tog‘i orasida 7 marta yugurib o‘tish, shaytonni bildiruvchi ustunga yetti tosh otish kerak. Haj amali qat'iy tartibda amalga oshiriladi va agar uning asosiy amallari bajarilmasa, haj safari qabul qilinmagan hisoblanadi. Haj safarini amalga oshirgan ziyoratchilar hoji unvoniga sazovor bo‘ladilar.