O‘zbekiston | 11:49 / 24.09.2015
3322
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztransgaz” maxsus texnikalarning katta partiyasini sotib oladi

“O‘ztransgaz” siqilgan tabiiy gaz tashish uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalar va avtosisternalarni sotib olish bo‘yicha Samarqand avtomobil zavodi hamda JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi bilan ikki yirik shartnomani imzoladi. Bu haqda Sputnik agentligi kompaniyadagi axborot manbasiga tayanib xabar berdi.

Shartnomalar doirasida MAN markali 43ta avtosisterna va 63 dona Isuzu rusumli maxsus avtomobil sotib olish ko‘rib chiqilmoqda.

“Biz JV MAN Auto-Uzbekistan bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha to‘lovni amalga oshirdik, ayni paytda shatakchi avtomobillar tayyor va ularga sisternalarni tayyorlash ishlari olib borilayapti. 2015 yil 1 dekabr - barcha texnikalarni yetkazishning oxirgi muddati”, - dedi axborot manbasi.

Shu kabi texnikalar parkining kengaytirilishi qish mavsumida aholi va ijtimoiy tarmoqlarni siqilgan tabiiy gaz bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda kompaniya butun respublika bo‘ylab 942,34 ming xonadonga siqilgan tabiiy gaz yetkazib bermoqda.

Bu boradagi ehtiyojlarni qondirish maqsadida “O‘ztransgaz” kompaniyasi so‘nggi yillarda 45ta gaz to‘ldiruvchi stansiya va punktlar, gaz ballonlarini tarqatish bo‘yicha 209ta xizmat ko‘rsatish markazlarini ishga tushirdi, siqilgan tabiiy gaz tashish uchun 222ta vagon-sisterna va 58 avtosisterna sotib oldi.

2014 yilning o‘zida kompaniya 31ta MAN avtosisternasi va 55ta maxsus Isuzu avtomobili sotib oldi.

Shuningdek, aholini uzluksiz ravishda tabiiy gaz bilan ta'minlash uchun “O‘zkimyosanoat” kompaniyasi bilan siqilgan gazni ishlab chiqaruvchi zavoddan aholiga yetkazib berishni tashkil etish maqsadida 60ta maxsus vagon-sisternani ijaraga olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

2018 yilda esa O‘zbekistonda umumiy qiymati 212 million dollardan ziyod bo‘lgan siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi yangi zavod qurilishi o‘z nihoyasiga yetishi rejalashtirilgan. Mazkur sanoat obektining quvvati yiliga 350 ming tonna siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish