12:04 / 25.09.2015
3961

Makka yaqinidagi tiqilinchda 14 nafar hindistonlik halok bo‘ldi

Saudiya Arabistonining Makka shahri yaqinidagi Mino vodiysida yuzaga kelgan tiqilinchda eng kamida 14 nafar hindistonlik halok bo‘ldi, deya xabar berdi Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj 25 sentabr kuni.

“Bizning Jiddadagi bosh konsulligimiz tiqilinch vaqtida 14 kishining halok bo‘lganini xabar qildi. Jarohat olgan 13 kishi shifoxonada”, - deya ma'lum qildi vazir o‘zining Twitter mikroblogida. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hukumatga hindistonlik ko‘plab ko‘ngillilar ko‘mak ko‘rsatishmoqda, jasadlar shaxsini aniqlash jarayoni boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, fojyea 24 sentabr kuni erta tongda Makka yaqinidagi Mino vodiysida sodir bo‘ldi. Ikkita ulkan odamlar oqimi chodirlar shaharchasidan shaytonga tosh otish amali bajariladigan hududga eltadigan yo‘ldagi chorrahada to‘qnash kelib qolgan. Ko‘chalar kesishmasida ulkan tiqilinch vujudga kelib, natijada 717 kishi halok bo‘ldi, eng kamida 863 ziyoratchi jarohatlandi.

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Al-Saud haj paytida yuz bergan ko‘plab insonlar o‘limiga olib kelgan fojialar ortida hajning o‘tkazilish tartibini qayta ko‘rib chiqishga buyruq berdi.

Top