18:41 / 25.09.2015
2269

Milliy jurnalistikani rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkentda 25 sentabr kuni «Milliy jurnalistikani rivojlantirish istiqbollari: nazariya va amaliyot (xalqaro tajriba)» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston axborot agentligining xabar qilishicha, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijiy ekspertlar hamda oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Forum va uning sessiya majlislarida ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, xalqaro darajadagi jurnalistlarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, teleradiokanallarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Top