Sport | 12:09 / 25.09.2015
2458
3 daqiqa o‘qiladi

Tashkent Open xalqaro tennis musobaqasiga 30 davlatdan tennischi ayollar kelishadi

100 nafardan ziyod tennischi ayol sentabr oxiri-oktabr boshida bo‘lib o‘tuvchi an'anaviy Tashkent Open xalqaro tennis turnirida ishtirok etish istagida ariza taqdim etishdi.

Yutuq jamg‘armasi 250 ming dollarni tashkil etuvchi musobaqa WTA rahnamoligi ostida o‘tkazilayotgan bo‘lib, unda Yevropa, Osiyo va Amerika qit'alaridagi 30ga yaqin davlatdan raketka ustalari ishtirok etadi, deya xabar berildi musobaqa matbuot markazida.

Unda ishtirok etuvchi 17 sportchi WTA reytingining kuchli 100taligidan o‘rin olgan. Mazkur ro‘yxatning 49-pog‘onasini egallab turgan germaniyalik Karina Vittoyeft musobaqaning birinchi raqamli tennischisi sifatida qayd etilgan. Favoritlar safida Joanna Larsson (56-o‘rin, Shvetsiya) hamda yaqindagina Kvebek (Kanada)da bo‘lib o‘tgan WTA turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan germaniyalik Annika Bekk (63) ham tilga olindi.

Shuningdek, Boyana Yovanoski (Serbiya), Ursula Radvanska (Polsha) va Boku (Ozarbayjon)da bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda dubl qayd etgan rossiyalik Margarita Gasparyan ham Toshkent shahriga yana bir bor kelib, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘radi.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida respublikamiz reytingini boshqarib turgan Sabina Sharipova (204), o‘tgan galgi Tashkent Open yarim finalchisi Nigina Abduraimova (249) va Oqgul Omonmurodova (294) O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.

Shuningdek, Vlada Yekshibarova, Arina Folts, Go‘zal Yusupova va Polina Merenkova singari yosh tennischilarning qatnashishi rejalashtirilgan.
Musobaqaning saralash uchrashuvlari 26-27 sentabr kunlari tashkil etiladi, asosiy bellashuvlar esa 28 sentabrdan 3 oktabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Turnir doirasida 1 oktabr kuni “Bolalar kuni”, shuningdek, diplomatik korpus xodimlari, xorijiy kompaniyalar vakillari, respublika tennis faxriylari o‘rtasida VIP-turnir (3 oktabr, 9:00) ham tashkil etiladi.
3 oktabr kuni juftlik (11:30) va yakkalik (14:00) final bahslari bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish