21:15 / 25.09.2015
11906

Vashington Kremlni Putin va Obama o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik haqidagi tafsilotlarni oshkor etishga majbur qildi

Oq uyning Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Barak Obama o‘rtasidagi uchrashuvi Rossiya tashabbusi bilan bo‘layotgani haqidagi vaji haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda Putin yordamchisi Yuriy Ushakov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

Ushakovning aytishicha, bunday oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik odatda yopiq tartibda o‘tkaziladi va uning detallari ommaga oshkor etilmaydi. “AQSh tomoni Nyu-Yorkda Rossiya va AQSh prezidentlarining uchrashuvi oldidan o‘zining versiyasini bayon qilishga qaror qilgan ekan, unda men ham haqiqatda nima sodir bo‘lganini aytishimga to‘g‘ri keladi”, deb aytdi Ushakov.

Bundan avval Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Putin Obama bilan “juda ham” uchrashishni istayotgani va AQSh yetakchisidan shaxsiy uchrashuv haqida “bir necha bor iltimos qilgani”ni ma'lum qilgan edi. Ushakov buni “haqiqatga mos kelmaydigan axborot” deb aytdi.

“Bizning prinsipial pozitsiyamizni yana bir eslatib o‘tmoqchiman, u bizga taklif qilinayotgan aloqalardan hech qachon voz kechmasligimizdan iborat. Biz oliy darajada doimiy ravishdagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buning ustiga muhokama qilish, yechimlar, murosalarni izlash talab qilayotgan ko‘plab qizg‘in mavzular mavjud”, deb ta'kidlab o‘tdi Ushakov.

“Amerikaliklar agar Obama Nyu-Yorkda ishchi uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘lsa, biz buni rad etishimiz dargumonligini bilishgan. Qisqasi, bir necha kun avval, 19 sentabrda aynan AQSh ma'muriyatidan Nyu-Yorkda prezidentlarning uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqida ikkita taklif tushdi. Birinchi taklif bu uchrashuvni 29 sentabrda va ikkinchi taklif – 28 sentabrda o‘tkazish haqida bo‘ldi. Biz bunga ijobiy javob berdik va birinchi taklifni qabul qildik. Uchrashuv taxminan 17:00larda bo‘lib o‘tishi kerak”, deb aytib o‘tdi Ushakov.

Top