14:05 / 26.09.2015
8105

OAVda kelin tanlashda qanday mezonlar e'tiborga olinishi aytildi

“Oila davrasida” chiqqan maqolada kelinlarni tanlash borasida maydonga kelayotgan yangi mezonlar masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
“Odatda kelin tanlash uchun qizlarning bir qancha sifatlari e'tiborga olinardi, - deyiladi materialda. – Masalan, kimgadir chiroyli va juda go‘zal tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan qizlar yoqsa, yana kimgadir esa tarbiyasi, odobi muhim. Ba'zilar kelin tanlashda qizlarning hunari, kasb-koriga alohida ahamiyat berishadi”.

Ammo endilikda, muallifning fikricha, “bo‘lajak qaynonalarni qizlarning butunlay boshqacha jihatlari”, birinchi navbatda, “bo‘lg‘usi kelinning badavlat yoki kambag‘al oiladan ekani” qiziqtiradi.
“To‘ydan oldin bo‘lajak kelinga qilinayotgan sepning o‘zi kishini hayratga soladi. Kuyov bo‘lmishga qaynotaning to‘ydan keyingi qimmatbaho sovg‘alariga nima deysiz? Bu nima? Qiziga uylangani uchun otasining minnatdorligimi?”, - savol beradi jurnalist.

“Qaynotasidan nimalardir kutib yashashga, uning hisobiga kun kechirishga yigitlarning g‘ururi qanday yo‘l qo‘yayotgan ekan? Do‘stlariga “buni qaynotam olib berdi”, deb maqtanishlari esa aqlga sig‘maydi”, - so‘zida davom etdi u.
Maqolada badavlat xonadon bilan quda tutinish yoshlarning baxtini belgilab bermasligi haqidagi xulosa bilan yakunlandi.

Top