15:01 / 26.09.2015
9931

Tojikiston Bosh prokuraturasi: Nazarzoda o‘z niyati uchun 5 yil tayyorgarlik ko‘rgan

Tojikiston Mudofaa vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Abduxalim Nazarzoda harbiy isyon uchun 2010 yildan beri tayyorlanib kelgan. Bu ma'lumot mamlakat bosh prokurasi tomonidan aytildi.

Shu ishni tekshirayotgan prokuratura tomonidan ma'lum qilinishicha, Nazarzoda 2010 yildan 2015 yilning avgustiga qadar Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi vakili Muhiddin Kabiriy bilan hamkorlikda 300 nafardan ortiq kishini o‘zida jamlagan 20dan ortiq jinoiy to‘dalarni tuzgan va ularga oyiga kamida 100 dollardan maosh berib turilgan.

Bunday to‘dalar tarkibiga asosan Mudofaa vazirligining sobiq harbiy xizmatchilari a'zo bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 sentabr kuni Tojikiston bosh prokuraturasi isyonchi general Abduhalim Nazarzodani davlatga xiyonat qilganlikda va terrorchilikda ayblagandi.

Ma'lumot uchun, isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida 25 nafar isyonchi o‘ldirilgan va 139 nafari qo‘lga olingan. Ularning 28 nafari oddiy kishilar yordamida tutilgan.

Shuningdek, antiterror amaliyotlar vaqtida huquq tartibot organlarining 14 nafar xodimi halok bo‘lgan.

Top