Sport | 18:20 / 27.09.2015
2161
3 daqiqa o‘qiladi

28 sentabr kuni Tashkent Open-2015 turnirining asosiy to‘r bahslari start oladi

2015 yilning 28 sentabr – 3 oktabr kunlari Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida xotin-qizlar o‘rtasida “Tashkent Open-2015” an'anaviy xalqaro turniri 17-marta o‘tkaziladi.

Mukofot jamg‘armasi 250.000 AQSh dollarini tashkil qilgan mazkur xalqaro turnirning bu yilgi bellashuvlarida 30ga yaqin davlatdan 100 nafardan ziyod raketka ustalari bosh sovrin uchun kurash olib borishadi.

Musobaqa qatnashchilarining 17 nafari WTA reytingining kuchli yuztaligidan o‘rin olgan bo‘lib, bu ham o‘z navbatida bahslarni yanada murosasiz kechishini ta'minlashi kutilmoqda.

Turnirda WTA reyting jadvalida 49-pog‘onani egallab turgan germaniyalik Karina Vittoyeft birinchi raqam ostida saralangan. Unga Joanna Larsson (WTA reytingida 56-o‘rin, Shvetsiya), Annika Bekk (63-o‘rin, Germaniya), shuningdek, Boyana Yovanoski (Serbiya), Ursula Radvanska (Polsha) Margarita Gasparyan (Rossiya) kabi yetakchi tennischilar munosib raqobat ko‘rsatishi kutilmoqda.

Musobaqaning saralash uchrashuvlari 26-27 sentabr kunlari o‘tkazildi. O‘zbekiston vakillaridan Arina Folts turnir favoritlaridan biri Marina Zanevskaga 1:6, 3:6 hisoblarida mag‘lub bo‘ldi. O‘tgan yilgi turnirning chorak finaligacha yetib borgan Oqgul Omonmurodova (294) esa polshalik Katarjin Piterga 2:6 va 5:7 hisoblarida yutqazib qo‘ydi. Saralashning birinchi bosqichidan o‘tgan tennischilar asosiy to‘rga o‘tish uchun bahslarni davom ettirishgan. Unda Kontaveyt — Piter, Martich — Kozlova, Fogel — Bichkova hamda Kania — Zanevska qarama-qarshiligi kuzatilgan.

“Tashkent Open-2015” xalqaro turnirida O‘zbekiston sharafini Sabina Sharipova (204) va Nigina Abduraimova (249) himoya qiladi. Sharapova Slovakiya vakili Yano Tsepelova bilan bahslashsa, Abduraimovaning raqibi saralash bosqichi yakunidan keyin ma'lum bo‘ladi.

Asosiy to‘r bahslari 28 sentabr kuni soat 10:00da boshlanadi va 3 oktabrga qadar davom etadi.

Xalqaro turnir doirasida 1 oktabr “Bolalar kuni”, shuningdek, 3-oktabrda diplomatik korpus vakillari, xorijiy kompaniyalar vakillari, respublika tennis faxriylari o‘rtasida VIP-turnir ham tashkil etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish