Sport | 15:18 / 28.09.2015
2003
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik marafonchi Marina Xmelevskaya Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Germaniyaning Berlin shahrida 42 km masofaga o‘tkazilgan marafonda qatnashgan o‘zbekistonlik sportchi Marina Xmelevskaya 2 soatu 38 daqiqa 39 soniyada marra chizig‘iga yetib keldi.

42-bor o‘tkazilgan mazkur marafonda 131 davlatdan 41.000 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Marina Xmelevskaya belgilangan me'yordan (2:42:00) qariyib 4 daqiqa avval marraga yetib keldi. Shu tariqa u 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasining axborot xizmati xabar qildi.

Ushbu musobaqada keniyalik Gladis Chereno 2:19,25 natija bilan birinchi, Aberu Kebede (Efiopiya) 2:20,48 ko‘rsatkich bilan ikkinchi, Meseret Xaylu (Efiopiya) 2:24,33 natija bilan uchinchi o‘rinni band etgan.

Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan marafonda esa keniyalik Eliud Kipchoge va Eliud Kiptanui mos ravishda birinchi hamda ikkinchi o‘rinlarni egallashgan. Kuchli uchlikni Feyisa Lilesa (Efiopiya) yakunlab bergan.

Mazkur musobaqada ishtirok etgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Andrey Petrov 2:23,24 natija bilan 61-o‘rinda qolgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish