Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda 5 yoshli bola qo‘shni o‘smir tomonidan vahshiylarcha o‘ldirildi
Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravan tumanida istiqomat qiluvchi 15 yoshli bola yashaydigan uy tomorqasidan 5 yoshli bolaning jasadi aniqlangan. Uning o‘limidan gumondor sifatida 9-sinf o‘quvchisi qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat ichki ishlar bo‘limi bosh boshqarmasi matbuot kotibi Jyenishbek Ashirbayev xabar bergan.

Uning ma'lum qilishicha, marhum bolakay Baxodirjon Olimovning ota-onasi u yo‘qolib qolgani haqida militsiyaga murojaat qilishgach, jinoiy ish ochilgan va tezkor qidiruv harakatlari boshlangan.

"Bolakayning jasadi qo‘shnilardan birining makkapoyasidan topildi. Uning qo‘l va oyoqlari skotch bilan bog‘langan edi. Bu esa bolakayning zo‘ravonlik bilan o‘ldirilganini isbotlaydi", deyiladi IIV xabarida.
Qotillikni sodir etganlikda asosiy gumondor qo‘lga olingan va tergov davomida o‘z qilmishiga iqror bo‘lgan.

Qotillikni sodir etgan o‘smirning aytishicha, 22 sentabr kuni kech soat 18.00lar chamasida uning sigaret chekayotganini ko‘rgan qo‘shni bolakay, uning sigaret chekishini ota-onasiga aytishidan ogohlantirgan. Shundan so‘ng, o‘smir bolakayni qo‘rqitish uchun uyidan skotch olib chiqib, uni aldab dalaga olib borgan. Qo‘llari va oyoqlarini skotchlayotganda, bolakay qichqirgan. Shunda o‘smir uning og‘zidan bo‘ynigacha skotchlab, dalaga tashlab ketgan. Bola nafas ololmasdan halok bo‘lgan.
Uning janozasi Qurbon hayiti namozi vaqtida o‘qilgan.
Ayni vaqtda qotillik sodir etgan o‘smir hibsda saqlanmoqda. Militsiya xodimlari ikki qo‘shni tomon orasida qasd olish harakatlari boshlanmasligi uchun doimiy nazoratda bo‘lib turishibdi.
Vahshiylarcha o‘ldirilgan 5 yoshli bolaning jasadi tasvirlangan suratlar ijtimoiy tarmoqlar bo‘ylab tarqalmoqda.