Sport | 19:16 / 28.09.2015
2332
2 daqiqa o‘qiladi

«San-Paulu» futbolchilari o‘yin arafasida jonivorlarni himoya qilish tadbirini o‘tkazishdi

Braziliyaning «San-Paulu» jamoasi futbolchilar «Palmeyras» jamoasiga qarshi tur uchrashuvi oldidan maydonga kuchuklarni yetaklab tushishdi va shu orqali jonivorlarni himoya qilish tadbirini namoyish etishdi. Bu haqda Globo nashri xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, jamoa kuchuklar uchun yemak ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan homiylik shartnomasi tuzgan. Bu shartnoma tarkibida futbolchilarning himoyasiz jonivorlarga jamoatchilik e'tiborini qaratish maqsadida aksiya o‘tkazishi ham ko‘rsatilgandi.

Ushbu marosim davomida muxlislarning yengil kulgulariga sabab bo‘lgan voqea yuz bergan. Futbolchilar Braziliya madhiyasi ostida kuchuklarni yetaklagan holda maydonga tushib kelishayotganida, jonivorlardan biri kameralar qarshisida hojatini chiqarishga tushgan.

Ma'lumot uchun, ushbu aksiya 27 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘yin oldidan o‘tkazilgan. Bu o‘yinda «San-Paulu» va «Palmeyras» jamoalari 1:1 hisobida durangga imzo chekishgan.

Ayni vaqtda «San-Paulu» jamoasi 43 ochko bilan turnir jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turibdi. «Palmeyras» esa 28 turdan keyin 45 ochko to‘plagan holda 4-o‘rinda joylashgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish