Jahon | 20:01 / 28.09.2015
5600
2 daqiqa o‘qiladi

Shakira BMTning barqaror rivojlanish sammitida Aylon va G‘olib Kurdiga bag‘ishlab qo‘shiq aytdi

Mashhur lotin amerikalik xonanda Shakira 25 sentabrda Nyu-Yorkda BMTning global rivojlanish sammiti ochilishida Suriyadagi urushdan qochib, tinch hayot izlab o‘z oilasi bilan dengiz orqali Yevropaga o‘tayotganda dengizda cho‘kib ketgan suriyalik 3 yoshli bola Aylon Kurdi va uning 5 yoshli akasi G‘olib Kurdi hamda barcha suriyalik qochqinlarning farzandlariga bag‘ishlab Jon Lennonning “Imagine” qo‘shig‘ini kuyladi.

Xonanda qo‘shiqni kuylashdan oldin nutq so‘zladi va qo‘shiqni Suriyadagi urushlar jabrdiydalari bo‘lgan barcha suriyalik bolalarga, xususan marhum aka-uka Aylon va G‘olib Kurdiga bag‘ishlashini aytdi.

Qayd etish joizki, oxirgi vaqtlarda Shakira kamdan-kam hollarda omma oldida ko‘rinmoqda. Gap shundaki, Shakira butun vaqtini shaxsiy hayotiga, xususan ikkita o‘g‘il farzandini tarbiyalashga bag‘ishlamoqda.

“Shakira Izabel Muborak Ripoll Lotin Amerikasidan chiqqan muhojirlarning ta'lim darajasini oshirish bo‘yicha AQSh prezidentining konsultativ komissiyasining a'zosi qilib tayinlandi”, deyilmoqda AQSh prezidenti ma'muriyatida.

Shakira 2003 yilda YUNISEFning ko‘ngilli elchisi etib tayinlangan. O‘tgan yili Xalqaro mehnat tashkiloti Shakirani kam ta'minlangan lotin amerikalik oilalar bolalariga ko‘p yillik yordami uchun medal bilan taqdirlagan edi.

Asli kolumbiyalik bo‘lgan Shakira butun dunyo bo‘ylab ko‘plab ta'lim loyihalarida ishtirok etadi.